Kozim Qayumov: “Zo‘rlar ichidan zo‘ri”ni ajratib olish mas’uliyat yuklamoqda

Navoiy kon-metallurgiya kombinati tasarrufidagi “Farhod” Madaniyat saroyi tomonidan “Qizilqum ovozi” qo‘shiqlar ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.
Uch kun davom etgan ko‘rik tanlovda NKMK tasarrufidagi madaniyat muassasalarida estrada yo‘nalishida ijod qilayotgan 30 nafar yosh iste’dod ishtirok etdi. Hakamlar ularning ijro mahorati, ovoz imkoniyati, shuningdek, libos va sahna madaniyatini baholab borishdi.
— Men ko‘plab ko‘rik tanlovlarda ham hakamlik qilganman, — deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Kozim Qayumov. — Ularning barchasida yil sayin yangi-yangi iqtidorlar yuzaga chiqayotganligi bir tomondan bizni mamnun etsa, ikkinchi tarafdan “zo‘rlar ichidan zo‘ri”ni ajratib olish ancha-muncha mas’uliyat ham yuklamoqda.
Bu gal o‘n uchinchi bor tashkil etilgan tanlov yakunida “Farhod” Madaniyat saroyining “Bayram” ansambli solisti Anatoliy Nazarov gran-pri sohibi, Zarmitan shahridagi “Konchi” Madaniyat saroyi a’zosi Mahliyo Xudoyqulova esa 1-darajali diplom bilan taqdirlandi. Shuningdek, Sabina Qodirova ikkinchi, Xurshid Dehqonov esa uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Temur ESHBOYEV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring