Koson bozorida rastalar boʻsh, savdo-sotiq tashqarida...

17:10 25 Yanvar 2024 Jamiyat
768 0

Koson tuman markaziy dehqon (oziq-ovqat) bozori oʻzining toʻkisligi, narx-navoning nisbatan arzonligi bilan nom qozongan. Shu bois ham bu yerga nafaqat tuman, balki viloyatning turli hududlaridan kelib savdo-sotiq qiluvchilar koʻp. Doimo odam gavjum.

Biroq bozordagi orastalik, tartib-intizomga havas qilib boʻlmaydi. Aksariyat sotuvchilar oʻz mahsulotlarini bozor tashqarisidagi ochiq maydonga, yoʻl boʻylariga qoʻyib sotishmoqda. Kimdir yoʻl boʻyida turli yengil taomlarni tayyorlab sotayotgan boʻlsa, boshqa birovi uning yoniga meva-chevalarini yoyib, xaridorlarni chorlashmoqda. Bu yerdagi tartibsizlik, tiqilinchdan kishining yoʻl topib yurishi qiyin. Dimogʻni boʻgʻadigan badboʻy hid va chang-toʻzonni esa aytmasa ham boʻladi.

Tuman hokimligi tashabbusi bilan turli nazorat tashkilotlari, huquq-tartibot organlari xodimlari hamda OAV vakillari ishtirokida ushbu bozorda oʻtkazilgan tadbirda bunga yana bir bor guvoh boʻldik.

Aslida bozorda orastalikni, saranjom-sarishtalikni taʼminlash uchun hamma imkoniyat mavjud. Bir necha yil oldin bozor taʼmirlangan, yuzlab yangi-doʻkonlar, minglab rastalar qurilgan. Ayni paytda bozor ichidagi 60 dan oshiq doʻkon, yetti yuzga yaqin rastalar boʻsh turibdi.

Biroq tadbirkor-u dehqonlar oʻz mahsulotlarini ana shu doʻkon va rastalarda emas, balki hududdagi avtomashinalar toʻxtash joyi, yoʻl boʻylariga qoʻyib sotishmoqda. Natijada avtomobillar turishi uchun qurilgan maydon noqonuniy “bozorcha”ga aylanib qolgan, mashinalarni qoʻyishga esa joy yoʻq. Bu odamlar ulovini yoʻl boʻyida qoldirib, markaziy koʻchada “probka”lar hosil qilishiga sabab boʻlmoqda. Eng achinarlisi, shundoq oyoq ostiga qoʻyib sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari, shu yerda tayyorlanib, xoʻrandalarga tortiq etilayotgan taomlar hech bir sanitariya meʼyorlariga toʻgʻri kelmaydi.

— Sotuvchilar bemalol bozor ichiga kirib, boʻsh rastalarda savdo qilishi mumkin, — deydi bozor masʼul xodimi Raʼno Qurbonova. — U yerda sanitariya-gigiyena talablarini taʼminlash uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Biz har kuni tadbirkorlarga shuni tushuntirishga urinamiz. Lekin koʻpchilik bunga amal qilmaydi, tashqarida savdo qilishni maʼqul koʻrishadi.

Tadbir ishtirokchilari bozor tashqarisida savdo qilayotgan sotuvchilar bilan ham suhbatlashib, ularning ham fikrlarini tinglashdi. Oʻzini Dilrabo Toʻrayeva deb tanishtirgan sotuvchi ayolning aytishicha, haqiqatan ham bozor ichida boʻsh rastalar koʻp. Mahsulotini rastaga qoʻyib sotish unga ham qulay. Biroq kimdir kelayotgan xaridorni “birinchi ilintirish” maqsadida mahsulotini darvoza tashqarisiga olib chiqadi. Keyin boshqalar ham shunday qila boshlaydi. Qarabsizki, bozor tashqarisi gavjum boʻlib, ichkaridagi rastalarga xaridor bormay qoʻyadi.

— Yana bir tomoni, bozor tashqarisida savdo qilayotganlarning aksariyati hech qanday toʻlov toʻlamaydi, — deydi u. — Shuning uchun ham koʻpchilik tashqarida savdo qilishni afzal biladi. Agar hamma tartibga bir xil amal qilsa, men ham jon deb bozor ichida savdo qilardim.

Tadbir davomida tuman hokimligi, turli nazorat va huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan bozor tashqarisida noqonuniy savdo qilayotgan fuqarolarga yana bir marotaba bu ishining huquqiy oqibatlari haqida tushuncha berildi. Endilikda oʻrnatilgan tartib-intizomga amal qilmasdan, belgilanmagan joyda savdo qilish uchun qonun doirasida qatʼiy choralar koʻrilishi taʼkidlandi. Zero, bozorda toʻkislik ham, tozalik va sarishtalik ham, tartib-intizom ham boʻlishi zarur.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер