Korrupsiyaga qarshi kurashishda oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish — bugungi dolzarb masala

19:53 07 Dekabr 2021 Jamiyat
1042 0

Barcha sohalarning rivojlanishiga toʻsqinlik qiluvchi illat — korrupsiyani yoʻq qilish har doim barcha jamiyat va davlatlar oldidagi asosiy muammolardan biri boʻlib kelgan. Butunlay yoʻq qilib boʻlmaydigan mazkur hodisaning rivojlanishiga yoʻl qoʻymaslik, uni bartaraf qilish uchun umummiqyosda birgalikda harakat qilish maqsadida 2003-yil 9-dekabr kuni Meksikada BMTning korrupsiyaga qarshi konvensiyasi imzolangan va ushbu kun Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni deb eʼlon qilingan. Mazkur sana 2004-yil 9-dekabrdan boshlab Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni sifatida nishonlab kelinadi.

Shu munosabat bilan, respublikamizda ham Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Aksilkorrupsiya haftaligi tashkil etildi. Haftalik doirasida deyarli barcha idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda tadbir va treninglar oʻtkazilmoqda.

Jumladan, 2021-yil 6-dekabr kuni agentlik tomonidan “Korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik bilan ishlashning roli” mavzusida nodavlat notijorat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari uchun treninglar tashkillashtirildi.

Treningda Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakillari, xorijlik mutaxassislar va bir qator NTTlari vakillari ishtirok etdi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov agentlikning yil davomidagi oʻrganishlari, harakatlari natijalari, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikni kuchaytirish masalalari xususida xulosalarini bildirdi: — Dunyoning koʻpgina rivojlangan mamlakatlarida korrupsiyaga qarshi kurashuvchi institutlar tizimi shakllantirilgan. Masalan, korrupsiyaga qarshi kurashish sudi, korrupsiyaga qarshi kurashish byurosi va hokazo. Bu institutlar, albatta, oʻz samarasini berib, korrupsion holatlarni aniqlash, kamaytirish, tegishli shaxslarni jazolash chora-tadbirlarini takomillashtirishda asosiy omil boʻlmoqda. Kelgusida mamlakatimizga ham shunday institutlarni olib kirish, barcha tashkilotlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, oshkoralikni taʼminlash maqsadida bir qator loyihalarni rejalashtirdik.

Shuningdek, treningda BMT Taraqqiyot dasturining korrupsiyaga qarshi kurashish va boshqaruv masalalari boʻyicha Oʻzbekistondagi maslahatchisi Xachik Xarutyunyan va BMT TD Korrupsiyaga qarshi kurashish loyihasi komponent rahbari Nodira Zikrillayeva mazkur soha boʻyicha xalqaro tajribalar, xulosalar haqida soʻz yuritishdi va “Antikorrupsion laboratoriya”lar tashkil etish loyihasining taqdimoti namoyish etildi.

Tashkil etilgan savol-javob va amaliy mashgʻulotlar jarayonida NTT vakillari oʻrtasida turli munozaralar va kelishuvlar boʻlib oʻtdi.

Mazkur haftalik, xususan, trening sohadagi kamchiliklarni bartaraf etishda oʻz natijasini koʻrsatishini kutib qolamiz.
 

Madina Gʻuzorova, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер