Korrupsiya — rivojlanishimizga toʻsiq

09:40 03 Dekabr 2021 Jamiyat
1718 0

Yangi Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muhim tashkiliy-huquqiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga, jamiyatda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirishga yoʻnaltirilgan tizimli choralar koʻrildi.

Ilk bor korrupsiyaviy xavflarni aniqlash va tizimli tahlil qilish, ularni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf qilish uchun masʼul boʻlgan alohida organ — Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Davlat hokimiyati organlari va yirik xoʻjalik yurituvchi subyektlarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda.

Raqamli texnologiyalar imkoniyatidan keng foydalangan holda transport vositalariga davlat raqam belgilarini berish, notariat va boshqa davlat xizmatlarini koʻrsatish, yer uchastkalarini ajratish, yoʻl harakati qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish kabi koʻplab sohalarda korrupsiya va suiisteʼmolchiliklarning oldini olishga qaratilgan samarali mexanizmlar joriy etilmoqda.

Bu borada Prezidentimiz Farmoni bilan qabul qilingan 2019-2020-yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish Davlat dasturi doirasida mamlakatimizda korrupsiya koʻrinishlarining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish boʻyicha hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi samaradorligini oshirish, eng yuqori darajadagi qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga alohida eʼtibor qaratilgan.

9-dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuniga bagʻishlangan Aksilkorrupsiya haftaligi doirasida yurtimizda bir qator tadbirlar oʻtkazilmoqda.

Bu borada Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida ham
«Korrupsiya rivojlanishimizga toʻsiq» shiori ostida bir qator tadbirlar tashkil etilmoqda. Jumladan, kecha Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida “Korrupsiya — rivojlanishimizga toʻsiq” mavzusidagi davra suhbati oʻtkazildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi sudyasi Otabek Jumayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasulbek Kusherbayev, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi masʼul xodimi Akmal Yunusov, Akademiyaning professor-oʻqituvchilari, harbiy xizmatchilar, kursantlar hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar tomonidan taʼkidlanganidek, bugungi kunda korrupsiya fuqarolarning ijtimoiy adolatga, davlat organlariga nisbatan ishonchini susaytiradi, davlatning iqtisodiy oʻsishiga salbiy taʼsir koʻrsatadi, qolaversa, jamiyatdagi maʼnaviy muhitni buzilishiga olib keladi.

Korrupsiya — mansabdor shaxslar tomonidan davlat hokimiyati yoki boshqaruvi vakolatlaridan foydalangan holda shaxsiy manfaatlarni yoki boshqa shaxslar manfaatini koʻzlab sodir etiladigan jinoyatlar yigʻindisi ekanligi, ayni damda korrupsiyaga qarshi kurashish barcha davlat va jamoatchilik tashkilotlari hamda moliyaviy muassasalarda ustuvor vazifaga aylanganligi borasidagi keng fikr-mulohazalar bildirildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarga Akademiya kursantlari oʻrtasida oʻtkazilgan “Korrupsiyani birgalikda yengamiz” mavzusidagi tanlovda faol ishtirok etgan kursantlar esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

— Islohotlarni amalga oshirish doirasida fuqarolarning huquq va manfaatlari himoya qilinishi, davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligi, jamoat va parlament nazorati taʼminlanishi, shuningdek, huquqni muhofaza qilish va sud organlari faoliyatining huquqiy asoslari isloh qilinishi oʻz samarasini bermoqda, — deydi podpolkovnik Savriddin Najmiyev.

Tadbirda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini taʼminlash hamda korrupsiya koʻrinishlarining sabab hamda shart-sharoitlarini bartaraf etish boʻyicha qilinishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar xususida ham fikr almashildi.

Farhodjon XOʻJAYEV,

Favqulodda vaziyatlar vazirligi

Akademiyasi katta oʻqituvchisi, kapitan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер