Koronavirus, erkaklar va tamaki chekish: ular oʻzaro qanday bogʻliq?

16:51 10 May 2020 Dunyo
2648 0

Dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida ayollarga nisbatan erkaklar koʻproq koronavirus qurbonlariga aylanmoqda. Ispaniyaning Kataloniya ochiq universitetining sogʻliqni saqlash sohasidagi Cognitive Neurolab guruhi tadqiqotchisi Diyego Redolarning fikricha, buning asosiy sababi tamaki chekish bilan bogʻliqdir. Bu haqda RBK xabar berdi.

“Boshqa mamlakatlarda boʻlgani kabi Ispaniyada ham erkaklar va ayollar virusni deyarli bir xil yoʻl bilan yuqtirib olishyapti. Biroq kasallikning ogʻirlashuvi va oʻlim holati erkaklarda koʻproq uchramoqda. Masalan, oʻtgan haftada dunyoda bu koʻrsatkich taxminan 2,5 barobarni tashkil etgan. Mazkur farq esa yoshga bogʻliq emas”, — dedi Redolar.

U Bordo universiteti nevrologiya kafedrasi ilmiy xodimi Xavyer Vaskes bilan hamkorlikda oʻtkazgan tahlilga muvofiq, Ispaniyada koronavirusga chalingan erkaklarda oʻlim holati ayollarga nisbatan koʻproq(mos ravishda 8 va 4 foiz) ekanligini ham aniqlangan.

“Buning boisi tamaki chekishdir, degan taxmin koʻp jihatdan oʻzini oqlayapti”, — dedi Redolar.

Gap shundaki, Ispaniyada yurak-qon tomir kasalliklari oʻlimga olib keladigan sabablar ichida birinchi oʻrinda turadi. Masalan, 2018-yilda vafot etganlarning 28 foizini ana shunday dardga yoʻliqqan bemorlar tashkil etgan boʻlsa, ularning 10 foizi hayoti davomida sigaret chekkani aniqlangan. Biroq mazkur darddan erkaklarga nisbatan ayollar koʻproq hayotdan koʻz yumadi.

“Covid-19 tashxisi qoʻyilgan bemorlar orasida esa yurak-qon tomiri kasali bilan ogʻrigan erkaklar ayollarga nisbatan koʻp ekanligi ayon boʻldi, — deydi mutaxassis. — Bunga esa qandaydir omil taʼsir qilishi kerak. Va biz boshqa tadqiqotchilar kabi buni chekish deb hisoblayapmiz”, — dedi neyrobiolog.

Ispaniyada erkaklarning 25 foizi, ayollarning 18 foizi sigaret chekadi. Chekish esa yurak-qon tomir kasalliklarini ogʻirlashtiradi. Koronavirusdan vafot etganlarning 30 foizida ham yurak-qon tomir tizimlarida muammosi boʻlgan. 

Chekish va oʻpkaning surunkali kasalliklari ACE-2 enzimlari(fermentlari) hajmini koʻpaytirishi tadqiqotlarda isbotlangan. Aynan ushbu fermentlar koronavirusga oʻpka hujayralariga tushishiga yordam beradi. Shundan kelib chiqib bir qator olimlar kashandalarda ACE-2 retseptorlari boshqalarga nisbatan koʻproq uchrashi, bu esa ularni tojdor virus bilan kasallanish ehtimolini koʻpaytirishini taʼkidlashmoqda.

Biroq Ispaniyada tamaki chekuvchilar orasida koronavirus qurbonlari soni koʻproq uchrayotgani haqida rasmiy statistika hozircha yoʻq.

“Muammo shundaki, Covid-19 tashxisi qoʻyilgan erkak yoki ayollarning qanchasi chekkani haqida aniq maʼlumotlar yoʻq. Inqiroz paytida sogʻliqni saqlash tizimining yuki nihoyatda ogʻirlashib ketdi, shuning uchun metodik jihatdan toʻliq maʼlumot yigʻishdan koʻra, inson hayotini saqlab qolish muhimroq edi. Bu kabi maʼlumotlarni yigʻishga esa endigina kirishildi”, — deya yuqoridagi holatga izoh berdi Redolar.

Ispan ekspertining fikricha, bugungi kunda tojdor virusning olimlarga nomaʼlum jihatlari hali juda koʻp. “Hozir bemorlar haqida iloji boricha koʻproq maʼlumotlar yigʻish kerak”, — deya boshqa kasbdoshlarini ham shunga chaqiradi u.

Redolar chekish koronavirusga chalingan erkaklar oʻrtasida oʻlim holati koʻproq qayd etilayotganing faqatgina bitta faktori ekanligini istisno etmadi.

“Odamlar chekish Covid-19ga chalinmaslik uchun yordam bermasligi, aksincha, katta xatar ekanligini tushunishlari muhim”, — dedi u.

Shuning uchun tamaki mahsulotlariga nisbatan soliqlarni oshirish, epidemiya paytida ularni sotishni taqiqlash va zararli odatlarga qarshi kurashish dasturlarini yaxshilash kabi yoʻllar bilan kashandalikka qarshi kampaniyani avj oldirish zarur, deb hisoblaydi ispaniyalik neyrobiolog.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер