Korxonaning eksport salohiyati oshmoqda
Foto: Халқ сўзи
Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanidagi “Usmon Sher Shamshod” masʼuliyati cheklangan jamiyati oʻtgan yilda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportidan 21 milliard soʻm daromad koʻrdi.
Faoliyatini dastlab Rossiya va Qozogʻistonga mahsulot joʻnatish bilan boshlagan korxona endilikda MDH davlatlari va Turkiya bozorlariga dadil kirib boryapti. Yaqinda esa Janubiy Koreyadan poliz mahsulotlari, xususan, qovun eksporti boʻyicha buyurtma oldi.
Aytish joizki, bundan besh – olti yilcha muqaddam bu yerda qiymati 12 million AQSH dollariga teng biznes loyiha amalga oshirilib, 2,5 gektar maydonda agrologistika markazi va meva-sabzavotni qabul qilishdan tortib, qayta ishlash va qadoqlangan holda buyurtmachilarga yetkazishgacha boʻlgan texnologik jarayon yoʻlga qoʻyilgan edi. Natijada korxona Xitoy va Avstriyadan keltirilgan zamonaviy texnologik liniyalarga ega boʻldi. 2 ming tonna mahsulotni saqlash quvvatiga ega sovutgichli omborxona barpo etildi. Keyin esa xuddi shunday sigʻimga ega yana bir ombor qurildi. Hozir uni xorijiy texnologiya bilan jihozlash ustida ish olib borilmoqda. Xalqaro ISO sertifikatiga ega korxona transport xizmatidan ham durustgina daromad koʻrmoqda.
Korxona mutaxassislarining bildirishlaricha, ayni paytda gul karamini yarim tayyor holda qadoqlab, eksportga joʻnatish tadorigi koʻrilyapti. Asosiy maqsad esa eksport hajmini yil oxiriga qadar 3 million AQSH dollaridan oshirishdan iborat.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring