Konstitusiyaviy shikoyat institutining rivojlanish tendensiyalari muhokama qilindi

18:36 26 May 2023 Jamiyat
662 0

Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy sudi va Yevropa Kengashining Huquq orqali demokratiya uchun Yevropa komissiyasi (Venesiya komissiyasi) bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyo mamlakatlarida konstitusiyaviy shikoyat instituti modellarining rivojlanish tendensiyalari” mavzuida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Ikki kun davom etgan mazkur tadbirda konstusiyaviy shikoyat instituti huquqiy asoslari, qo‘llanilish amaliyoti va ilg‘or tajribalar xususida ma’ruzalar eshitildi. Anjumanda xalqaro va mahalliy ekspertlar, Markaziy Osiyo va Yevropa davlatlari vakillari konstitusiyaviy nazorat organlari vakillari tomonidan taqdim etilgan ma’ruzalar hamda almashuvlarda ahamiyatli fikrlar, takliflar bildirildi. Mubolag‘asiz aytish mumkin, Markaziy Osiyo davlatlarida konstitusiyaviy shikoyat instituti modellarining rivojlanish tendensiyalarida o‘ziga xos maktab yaratilgan.

Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti davrida O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyaviy sudi jiddiy islohotlarni bosib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasida davom etayotgan islohotlarning yangi bosqichi, aniqrog‘i konstitusiyaviy islohotlar davrida konstitusiyaviy shikoyat institutiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Konferensiyaning ikkinchi ish kunida “Konstitusiyaviy sudga murojaat qilish: inson huquqlari buzilishiga qarshi eng samarali vosita”, “Fuqarolarning konstitusiyaviy huquq va erkinlarini himoya qilishda Ombudsman institutining Konstitusiyaviy sud bilan o‘zaro hamkorligi”, “Inson huquqlarini ta’minlashning huquqiy asoslari: parlament va Konstitusiyaviy sudning o‘zaro hamkorligi”, “Qonunchilikni konstitusiyaviy nazorat qilishning Avstriya modeli”, “Fuqarolarning Bosniya va Gersegovina Konstitusiyaviy sudiga konstitusiyaviy shikoyat kiritish tartibi” kabi muhim mavzularda ma’ruzalar eshitildi.

Ma’ruzarlarda bildirilgan muhim fikrlar, takliflar asosida fikr almashuv va munozalar bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator muhim taklif va tavsiyalar yangradi. Xususan, shunday mazmundagi tadbirlarni tizimli va doimiy ravishda tashkil etish, Markaziy Osiyo davlatlari Konstitusiyaviy sudlari muloqotlarini yanada ko‘paytirish, xalqaro tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilish, Markaziy Osiyo va Yevropa davlatlari Konstitusiyaviy sudlari o‘rtasida tajriba almashish, rivojlanish va taraqqiyot uchun do‘stona fikr almashuvlarni yanada ko‘proq tashkil etish o‘rinli ekanligi aytildi.

Shuningdek, konstitusiyaviy shikoyat instituti amaliyotida raqamlashtirish masalalarini keng joriy etish, murojaatlarni o‘rganishda sun’iy intellektdan foydalanish amaliyotini joriy etish kabi zamon talabidagi takliflar bilan birga, eng asosiysi fuqarolarning konstitusiyaviy organlarga manzilli murojaat qilishlari uchun huquqiy bilimlarini oshirish ustida ishlash va buning barcha zaruriy chora-tadbirlarini ko‘rish kerakligi aytildi.

Bundan ko‘rinib turibdiki, kelgusida O‘zbekistonda konstitusiyaviy nazorat instituti faoliyatini, xususan konstitusiyaviy shikoyat institutini yanada takomillashtirish borasida ham muhim ishlar amalga oshirilishi kerak. Chunki, fuqarolarning konstitusiyaviy huquq va erkinliklarini munosib himoya qilish Konstitusiyaviy sud organlarini birinchi galdagi vazifasi hisoblanadi.

Tadbir yakunida Konferensiya xulosalari qabul qilindi.

Xalqaro konferensiyaga tashrif buyurgan mehmonlar, ishirokchilar Samarqand shahrining tarixiy obidalari, uning betakror sharqona qiyofasi, boy tarixi bilan yaqindan tanishdilar.

Abdulaziz Yo‘ldoshev, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер