Konstitutsiyaviy islohotlar mohiyati va zarurati keng tushuntirilmoqda

12:52 13 Iyul 2022 Jamiyat
948 0

Foto: Xalq so‘zi

Ayni kunlarda mamlakatimiz miqyosida “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi oʻtkazilmoqda.

Markaziy bank Samarqand viloyat boshqarmasida boʻlib oʻtgan tadbirda konstitutsiyaviy islohotlarning mohiyati va zarurati xususida soʻz yuritilib, “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining umumxalq muhokamasiga doir sohalar kesimida maʼlumotlar berildi.

Konstitutsiyamizga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar oddiy odamlarga qanday manfaat keltiradi, undagi liberal yangiliklar nimalardan iborat? Prezidentimiz ilgari surgan takliflarning mohiyati nimada va oʻz navbatida fuqarolar tomonidan qanday takliflar berilmoqda?

Tadbir ishtirokchilari ayni shu savollar atrofida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.

—  “Inson – jamiyat – davlat”, “Yangi Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyillarini konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlash, inson shaʼni va qadr-qimmatini hamma narsadan ustun qoʻyish, sifatli va malakali tibbiy xizmatni tashkil etish, taʼlimni rivojlantirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, munosib mehnat sharoitlarini taʼminlash va haq toʻlash, ekologiya va atrof-muhit muhofazasiga ustuvor ahamiyat qaratish, xususiy mulkni himoyalash, tadbirkorlik va investitsiya muhitini yaxshilash, korrupsiyaga qarshi kurashish kabi yoʻnalishlarda konstitutsiyaviy kafolatni kuchaytirishga doir masalalar xalqimizni koʻproq qiziqtirmoqda, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Navroʻz Rizayev. —  Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasida yurtdoshlarimizning, keng jamoatchilikning faol ishtiroki, albatta, Asosiy qonunimizning xalqchilligini taʼminlashga xizmat qiladi.

—  Shu oyning ilk kunlarida qondosh va qardosh Qoraqalpogʻiston Respublikasida sodir boʻlgan koʻngilsiz voqealardan chuqur tashvishga tushdik, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gʻayrat Abdiyev. — Ayniqsa, yurtimizning barcha hududlarida katta siyosiy jarayon, yaʼni Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha umumxalq muhokamasi davom etayotgan bir paytda bunday xavotirli vaziyatning yuzaga kelishi barchamizni yanada hushyorlik va uzoqni koʻzlab, aql bilan ish tutishimiz lozimligini koʻrsatmoqda. Albatta, Bosh qomusimizga kiritilayotgan oʻzgartishlar millati, dini, eʼtiqodidan qatʼi nazar, Oʻzbekistonda yashayotgan barcha fuqarolarning huquq va erkinliklarini yanada mustahkamlashga, eng asosiy hayot tamoyiliga aylanayotgan “Inson qadri uchun” degan ezgu gʻoyani amalda qaror toptirishga qaratilgani bilan eʼtiborga molikdir.

Ayni mavzudagi uchrashuv va davra suhbatlari Samarqand viloyat shahar- tumanlarida davom etmoqda.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер