Konstitutsiyada aks etgan gʻoyalar zimmamizga ulkan masʼuliyat yuklaydi
Mamlakatimizda boʻlib oʻtgan referendumda fuqarolarimiz nafaqat Konstitutsiyamizning yangi tahririni qabul qildi, balki oʻzlarining faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etdi. Xalqimiz qabul qilgan Konstitutsiyada Oʻzbekiston ijtimoiy davlat deb belgilandi.
Shunga muvofiq davlatning ijtimoiy majburiyatlari 3 barobar koʻpaytirilayotgani birinchi navbatda partiyamiz elektoratining ustuvor huquq va manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Keyingi yillarda yaratilgan ijtimoiy himoya tizimi kafolatlarining Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishini xalqimiz tarixiy yutuq, deb qabul qilinganini hududlarda, mahallalardagi uchrashuvlarimizda koʻrdik.
Taʼkidlash joizki, qatʼiy siyosiy iroda bilan bunyod etilgan ijtimoiy himoya tizimi ehtiyojmand toifalarning hammasini qamrab olyapti. Davlat hammaga bir koʻz bilan qarab yordam bermoqda. Dunyodagi tang ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatda fuqarolarni ijtimoiy himoyalash masalasi katta-katta davlatlarda ham qiyinchiliklar tugʻdirmoqda.
Shunday murakkab holatda davlatimiz qanchadan-qancha yangi bogʻchalar, ijtimoiy obyektlar, har yili yuz minglab yangi maktab oʻquvchi oʻrinlarini yaratish choralari koʻrilmoqda. Har qanday vaziyatda ham farzandlari kelajagi haqida qaygʻuradigan ota-onalarimiz buning ahamiyati va qadrini yaxshi anglab turishibdi.
Konstitutsiyaning muhim yangiligi shundaki, inson farovonligini va jamiyatning barqaror rivojlanishini taʼminlash maqsadida davlat oʻz faoliyatini qonuniylik, ijtimoiy adolat va birdamlik tamoyillariga tayanib amalga oshiradi.
Xalq demokratik partiyasining asosiy gʻoyalari Konstitutsiyada aks etganligi partiyamizga ham ulkan masʼuliyat yuklaydi. Uning asosida dasturlarimizni yangilashimiz va boyitishimiz kerak boʻladi. Partiyamiz aʼzolari, deputatlar Konstitutsiyaning har bir moddasini va normasini hayotga toʻlaqonli tatbiq etilishini taʼminlash maqsadida sidqidildan mehnat qilishga tayyor.
Har qanday saylov – bu siyosiy partiyalar uchun imkoniyat. Partiyalar oʻzining dasturini xalq oldiga olib chiqish, uning hohish-istaklarini bilish, faollari va oʻz elektoratini kengaytirish, shu bilan birga, siyosiy platformasini amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻladi.
Shu asoslarga koʻra, Xalq demokratik partiyasi muddatidan ilgari Prezident saylovlarini oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorni toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi. Qonunchilikka muvofiq tarzda muhim siyosiy jarayonga munosib hozirlik koʻrishini maʼlum qiladi.
Ulugʻbek INOYATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring