Konstitutsiya — xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi

16:59 08 Dekabr 2023 Jamiyat
406 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Qarshi shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligi munosabati bilan “Konstitutsiya — xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!” shiori ostida viloyatning asosiy bayram tadbiri oʻtkazildi.

Tadbirga taklif etilgan mehmonlar dastlab viloyat musiqali-drama teatri oldidagi xiyobonda bir qator huquq-tartibot idoralari va davlat tashkilotlari tomonidan tashkil etilgan “Mening Konstitutsiyam – shaʼnim va qadrim himoyachisi” mavzusidagi koʻrgazma bilan tanishishdi.

Har bir tashkilot stendida Konstitutsiyamizdagi shu soha faoliyatiga oid modda hamda mazkur organ va tashkilotlar tomonidan amalga oshirilgan asosiy ishlar aks ettirilgan edi. Qolaversa, ishtirokchilar har bir stend oldida oʻsha tashkilot masʼullaridan viloyatimizda fuqarolarni ish bilan taʼminlash, yoshlar uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash va yana koʻplab masalalarga oid keng va qiziqarli maʼlumotlarni olish imkoniga ega boʻlishdi.

Shundan soʻng bayram tantanasi teatrning muhtasham zaliga koʻchdi.

Dastlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasi yangradi.

Viloyat hokimi Murotjon Azimov tantana ishtirokchilarini va ular orqali Qashqadaryo ahlini, koʻp millatli xalqimizni ulugʻ bayram bilan tabriklar ekan, Qomusimizning jamiyatda tutgan oʻrni naqadar ahamiyatli ekanini taʼkidlab oʻtdi.

Murotjon Azimov Asosiy Qonunimizning bir qator moddalarini batafsil sharhladi, jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlat oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishi kafolatlanganini eslatib oʻtdi.

— Barchangizga maʼlum, Prezidentimiz tomonidan 2024-yil Qashqadaryoda Sifatli taʼlim va tibbiyotni rivojlantirish yili boʻladi, deb eʼlon qilindi, — dedi viloyat hokimi. — Biz qaysiki sohani taraqqiy ettirishni istar ekanmiz, buning yechimi taʼlimni rivojlantirishda ekanini anglaymiz va bu yoʻlda barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etamiz.

Shuningdek, hududlarning infratuzilmasini yaxshilash, yoʻllar qurish, ijtimoiy soha obyektlarini bunyod etish va farzandlarimizning ertangi hayoti uchun xizmat qiladigan koʻplab boshqa tashabbuslar ilgari surilayotgani qayd etilib, bularning barchasi Qomusimizda belgilab berilgan tamoyillar asosida Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan xalqchil va odilona siyosat mevasi ekanligi taʼkidlandi.

Bayram tadbiri doirasida sanʼat ustalari va isteʼdodli yosh ijrochilar ishtirokidagi katta konsert dasturi namoyish etilib, mustaqillik, erkinlik, ona Vatan va Qashqadaryoni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlar yangradi.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер