Konserva mavsumi: Uy sharoitida yopilgan “banka”lar sogʻlik uchun qanday xavf tugʻdiradi?

11:55 29 Oktyabr 2023 Jamiyat
388 0

Botulizm — oziq-ovqat mahsulotlaridan zaharlanishlar ichida eng ogʻir kechadigan xastaliklardan biri. Ayniqsa, uy sharoitida tayyorlangan qoʻlbola konserva mahsulotlarini isteʼmol qilish tufayli aholi orasida undan zararlanish koʻp uchraydi.

Xoʻsh, ushbu kasallik nimasi bilan xavfli? Uning oldini olish uchun qanday qoidalarga amal qilish lozim?

Mazkur savollarga Sanitariya-epidemiologiya qoʻmitasi boʻlim boshligʻi Anvar Shukurov javob berdi.

— Soʻnggi yillarda yurtimizda roʻyxatga olinayotgan botulizm kasalligi uy sharoitida, sanitariya qoida va meʼyorlariga rioya qilinmasdan tayyorlangan sabzavotli, asosan, bodring, pomidor, baqlajon va qoʻziqorin konservalarini isteʼmol qilish natijasida kelib chiqmoqda, — deydi mutaxassis.

— Bunga sabab uy sharoitida yetarli bosimda termik ishlov berish imkoniyati mavjud emasligidir. Natijada esa botulizm qoʻzgʻatuvchi sporalar saqlanib qoladi va ular anaerob, yaʼni kislorodsiz muhitda rivojlanib, oʻta kuchli — botulinotoksin zahrini hosil qiladi.

Botulizm qoʻzgʻatuvchilari tashqi muhitga oʻta chidamli boʻlib, 100°S darajada 6 soat, 120°S da esa 10 daqiqagacha tirik boʻladi.

Oʻzida bunday zararli moddani saqlovchi konserva mahsulotlarini isteʼmol qilish natijasida turli salbiy oqibatlar, hatto, oʻz vaqtida tibbiy yordam koʻrsatilmaganda oʻlimga olib keluvchi eng ogʻir turdagi zaharlanish — botulizm kasalligi kelib chiqadi.

Xastalikning yashirin davri 2-4 soatdan 14 kungacha davom etishi mumkin. Botulizm mikrobining toksini asosan markaziy asab tizimiga taʼsir etadi va organizmda turli oʻzgarishlarga olib keladi.

Bu holatda koʻpincha nafas olish qiyinlashishi, ogʻiz-tomoqning qurishi, jismlar koʻzga ikkita boʻlib koʻrinishi (diplopiya), koʻz qovoqlari osilib qolishi (ptoz), yutinish qiyinlashishi hamda umumiy holsizlanish, koʻngil aynishi va qusish (koʻpincha takrorlanadi), qorin sohasidagi ogʻriq kabi belgilar namoyon boʻladi.

Bemorning soʻzlari tushunarsiz boʻlib qoladi, boʻyin va oyoq mushaklarining zaiflashishi natijasida yurishga qiynaladi.

Agar bu holatda xasta insonga zudlik bilan tez tibbiy yordam koʻrsatilmasa va zarur davo muolajalari oʻtkazilmasa, uning nafaqat sogʻligʻi, balki hayoti ham xavf ostida qolishi mumkin.

Shu sababli botulizmning oldini olishda quyidagilarga amal qilish lozim:

— uy sharoitida konservalarni tayyorlamaslik;

— bozor va aholi gavjum joylarda fuqarolar tomonidan sotilayotgan, nomaʼlum sharoitda tayyorlangan, sifati kafolatlanmagan konservalarni xarid qilmaslik;

— banka qopqogʻi koʻtarilgan (bombaj), shuningdek rangida oʻzgarish boʻlgan konservalarni isteʼmol qilmaslik;

— oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash sharoitlariga eʼtibor berish, savdo doʻkonlaridan konservalarni xarid qilishda uning muddati, idishlarning butunligi, qopqoqlari shishmaganligi va xavfsizligini kafolatlovchi xujjatlariga eʼtibor berish;

— taom tayyorlashda tozalikka va shaxsiy gigiyena qoidalariga toʻliq rioya etish.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер