Konimex tumanida boʻrdoqichilik kompleksi ish boshladi
Konimex tumani chorvachilikning qorakoʻlchilik yoʻnalishiga ixtisoslashgan hududlaridan biri. Soʻnggi yillar bozor konyukturasi hududda qorakoʻlchilik bilan birga boʻrdoqichilikka ham alohida eʼtibor qaratish, koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari, komplekslar faoliyatini yoʻlga qoʻyishni ham taqozo etmoqda.
Shunday niyatlar bilan mahalliy tadbirkor Botir Qoʻchqorbekov tomonidan tumanning “Sarjal” ovulida boʻrdoqichilik kompleksi barpo etildi.
Tadbirkorga tuman hokimligi tomonidan 13 ming 500 gektar yer maydoni ajratilib, bankdan 1 mlrd. soʻm imtiyozli kredit olishiga koʻmak berildi. Tadbirkor esa bir milliard soʻm oʻz mablagʻini ham yoʻnaltirib, mayda shoxli mollar boʻrdoqichilik kompleksi faoliyatini yoʻlga qoʻydi.
Kompleks mahalliy yoshlardan oʻn nafarining bandligini taʼminlagan. Shuningdek, bir vaqtning oʻzida bu yerda 750 bosh mayda shoxli molni goʻsht yoʻnalishida boqish imkoniyati yaratildi.
Taʼkidlash joiz, yaqin kelajakda hududda chorvachilik klasteri tashkil etilib, ushbu yangi loyihaning ishga tushishi bilan 150 bosh tuya, 150 bosh otliq xoʻjalik faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Tabiiyki bu shifobaxsh tuya suti va qimiz yetishtirish, zamonaviy sogʻlomlashtirish va dam olish maskani ham barpo etish imkoniyatini ham taqdim etadi.
Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring