Koʻngilga quyoshni jo aylab

22:24 03 Dekabr 2020 Jamiyat
1156 0

Tafakkur quvvatining qay darajada ekanligi olim salohiyatini belgilovchi mezon hisoblansa-da, biroq bu oʻlchov ham chinakam bilim sohibining qalb va qiyofasini yaxlit holda namoyon eta olmasligi mumkin. Tarix va tajribadan ayonki, haqiqiy olim har tomonlama shunday shakllanib boradiki, oxir-oqibatda bir oʻlchovga sigʻmay qoladi. Mana shu sigʻmaslikning zamiridan olim shaxsini yuksaltiruvchi fazilatlar boʻy choʻzadi. Agar bu fazilatlar fan ravnaqi, el manfaati va inson kamoloti uchun yoʻnaltirilgan boʻlsa, tafakkurning kuch-quvvati jamiyat taraqqiyotiga oʻz taʼsirini oʻtkazishdan toʻxtamaydi. Mana shunday ezgu maqsad yoʻlida faoliyat koʻrsatib kelayotgan olimlarimizdan biri taniqli fizik olim, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining akademigi, fizika-matematika fanlari doktori, professor Sirojiddin Zaynobidinovdir.

Sirojiddin Zaynobidinov 1945-yil 22-dekabrda Andijon viloyati Buloqboshi tumani, Neftchilar shaharchasida oddiy dehqon oilasida tavallud topdi. Bu maskan oʻzining betakror tabiati, viqor bilan yastanib yotgan adirlari, soʻlim bogʻu rogʻlari, eng asosiysi oʻqimishli, bagʻrikeng, mehmonnavoz, tanti odamlari bilan ham ajralib turadi. Mana shunday fayzli muhitdan ruhiy quvvat olishning oʻzi ham olimning insoniy va ijodiy shakllanishida madadkor boʻlgan, fayz bagʻishlagan boʻlsa ajabmas.

Tadrijiy davom ettiradigan boʻlsak, dastlab barcha qatori maktabdagi saboq, soʻng ToshDUning fizika fakulteti talabasi, bu orada hamisha oʻziga xos yigitlik obroʻyiga, burchiga aylangan ikki yillik emas, hatto uch yillik Vengriya davlatidagi harbiy xizmat. Soʻngra S.Zaynobidinov ilmning istiqbolli va mashaqqatli keng geografik yoʻllariga shahdam qadam tashladi va yetuk salohiyatli olim sifatida ilmiy jamoatchilik oʻrtasida katta obroʻ-eʼtibor topa boshladi. Tinimsiz izlanishlari, tengsiz mehnatsevarlik evaziga yaratgan ilmiy tadqiqotlari 1977-yilda fizika-matematika fanlari nomzodi, 1987-yilda esa fizika-matematika fanlari doktori ilmiy darajalariga munosib topildi.

S.Zaynobidinovga hukumatimizning ilm-fan sohasidagi eng nufuzli Abu Rayhon Beruniy nomidagi davlat mukofotini berilishi uni oʻz sohasining tan olingan olimlari silsilasida oʻziga xos sharafli oʻrnini ham belgilab berdi. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, iqtidorli, izlanuvchan, tinib-tinchimas zahmatkash olimning ilmiy faoliyati xalqaro miqyosda ham keng eʼtirof etildi. Buning natijasi oʻlaroq S.Zaynobidinov Angliya jahon biografik markazi aʼzosi, shuningdek, AQSHning Nyu-York akademiyasi, Oliy taʼlim Xalqaro Fanlar akademiyasi (Rossiya), Xalqaro taʼlim, fan, texnika va sanʼat akademiyasi (AQSH), Gruziyaning taʼlim va turizm akademiyasi aʼzosi etib saylandi, hamda, AQSHning Yevropa va Osiyoning bir qator nufuzli universitetlarida “Yarim oʻtkazgichlar fizikasi” va “Kremniy” boʻyicha chuqur, mazmunan teran maʼruzalari bilan faol ishtirok etdi.

S.Zaynobidinov jahongashta olim sifatida AQSH, Angliya, Germaniya, Fransiya, Rossiya, Xitoy, Isroil, Malayziya mamlakatlarida boʻlib oʻz tajribalarini yoyishdan tashqari ularning ilgʻor tajribalarini ham mamlakatimiz ilm-faniga amalda tatbiq etib kelmoqda. Gʻayrat shijoatga toʻla olimning sermahsul faoliyati uning 250 dan ortiq maqolalarida, 10 dan ortiq ixtirolarida, 20 dan ortiq darslik va qoʻllanmalarida ham oʻzining toʻlaqonli ifodasini topgan. Eng muhimi, aksariyat, darslik va qoʻllanmalari mamlakatimiz miqyosida tanlovlarda gʻolib deb topilib, bugun ham Oliy taʼlim tizimida muntazam foydalanib kelinmoqda.

S.Zaynobidinov ustozlari borasida ham baxti chopgan olimlarimizdan. Olim professor A.Teshaboyev, akademiklar S.H.Sirojiddinov, P.Q.Xabibullayev, T.A.Sarimsoqov, S.A.Azimov, M.Bahodirxonov kabi mamlakatimizda eng dovruqli va suyukli olimlarimizning tarbiyasini olib ularning mehr-muhabbatidan bahramand boʻlib keldi. Moskva va Leningraddagi mashhur olimlar B.I.Boltaks, V.I.Fistul, B.A.Kotovlarning yordami va yuqorida sanab oʻtilgan ustozlarining qoʻllab-quvvatlashi va oqilona maslahatlari bilan oʻz sohasi boʻyicha salmoqli yutuqlarga erishdi.

S.Zaynobidinovning jamoat ishlari va masʼuliyatli lavozimlaridagi faoliyatlari ham har qanday maqtovga sazovor. U 15 yildan ziyod vaqt mobaynida ToshDUda «Yarim oʻtkazgichlar va diyelektiklar fizikasi» kafedrasini hamda 5 yil davomida universitetning eng katta hisoblangan fizika fakultetining dekani sifatida ishladi. 1996-2006-yillari Andijon davlat universitetining rektori, 1997-2011-yillarda “Qattiq jismlar fizikasi” kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat koʻrsatdi. Ayniqsa, Andijon davlat universitetiga rektorlik qilgan yillarda boshqalarga oʻxshamagan oʻziga xos rahbarlik fazilatlari bilan namoyon boʻldi. Avvalo, yangicha ishlash tizimini shakllantirishga harakat qildi. Talabalarning oʻqishi va hayoti bilan shaxsan qiziqdi. Talabalar uyidagi sharoitlarga alohida eʼtibor qaratdi. Oʻta muhim ilmiy loyihalarni amalga oshirishda bosh-qosh boʻldi. Universitetning moddiy mablagʻlarini talabalar hayotini yaxshilashga, obodonchilik ishlariga oʻquv jarayonining sifatini koʻtarishga sarf qildi. Professor-oʻqituvchilarning bir yoqadan bosh chiqarib ishlashlari uchun doʻstona, iliq muhit va sharoitlar yaratdi.

Sirojiddin Zaynobidinov ayni paytda OʻzMUda doktorlik boʻyicha ixtisoslashgan Ilmiy Kengashlarning raisi, Fanlar Akademiyasining FTI Issiqlik fizikasi instituti, Toshkent Texnika universitetida kengash aʼzosi, Oʻzbekiston Fizika jamiyatining tashkilotchilaridan biri va raisi, Oʻzbekiston Respublikasi FA Andijon – Namangan ilmiy markazining rahbaridir. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va Oʻrta Maxsus taʼlimi hamda Xalq taʼlimi vazirliklarining fizika boʻyicha ilmiy uslubiy kengashlari rahbarlaridan biri sifatida ham faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Shuningdek, “Oʻzbekiston fizika jurnali”, “Fan va turmush”, “Kompozitsion materiallar”, “OʻzR FA maʼruzalari”, “Yarimoʻtkazgichlar fizikasi va mikroelektronika”, ADUning “Ilmiy Xabarnoma” jurnallari tahririy hayʼatining aʼzosi sifatida fizika fani va taʼlimini rivojlantirishga astoydil xizmat qilib kelmoqda. Shu oʻrinda Sirojiddin Zaynobidinovning tashabbusi va rahbarligida «Eksperimental va nazariy fizika» toʻplamida davriy maqolalar toʻplamlari muntazam chop etilib kelinganligini ham qayd etish zarur.

Xalqimiz orasida “Olim boʻlish oson, odam boʻlish qiyin”, degan ibora yuradi. Balki odamgarchilikni, insoniylikni unutgan faqat oʻzini oʻylaydigan, oʻzi uchun qaygʻurib, faqat oʻzimga boʻlsin deb yashaydiganlar tez osongina olim boʻlar. Lekin ilm taraqqiyotini oʻylaydigan el-yurt manfaatini yuksak tutadigan haqiqiy olim uchun ilm qilish oson va mashaqqatsiz yoʻl emas. Sirojiddin Zaynobidinov ham olim boʻlishdek, ham chinakam odam boʻlishdek ikki qiyin yoʻlni uygʻunlikda olib kelmoqda.

Sirojiddin Zaynobidinov siymosida barchamizda havas uygʻotadigan fazilatlaridan biri ustoz va shogirdlik maqomini juda ham mustahkam tutishida, olib borishida koʻzga tashlanadi. Domlani mukammal ustozga aylantirgan omil – uni oʻz sohasini mukammal biladigan mutaxassis ekanligi boʻlsa, ikkinchisi ibratli, odamiy fazilatlari hamda tugʻma pedagogligidadir. Domlada talabalarga, shogirdlarga, bitmas-tuganmas mehr-muhabbat bor. U kishi har bir shogirdining taqdiriga oʻz farzandlarining taqdiriga qaragandek munosabatda boʻladi, faqatgina ustoz emas, bamisoli tugʻishgan ota. Sirojiddin aka koʻplab shogirdlar chiqardilar, tarbiya qildilar, u kishiga gʻoyibona shogird boʻlganlar ham kam emas. Domla rahbarligida 8 nafar fan doktori, 20 nafardan ortiq fan nomzodlari tayyorlandi. Uning shogirdlari hozir mamlakatimizning deyardi barcha goʻshalarida taʼlim-tarbiya sohasida faol xizmat qilib kelmoqdalar.

Ha domlaga agar muxtasargina baho berish kerak boʻlsa, men Sirojiddin Zaynobidinovning koʻngilga quyoshni jo aylab yashayotgan insonlardan deb bilaman. Chunki quyosh – yorugʻlik, yaʼni ezgulik timsoli. Uning nuri ila bu olam mavjud va goʻzal. Inson koʻnglidagi mehr ham quyosh nuri kabidir. Dunyoning borligi davomiyligi va goʻzalligi ham, koʻnglida quyosh charaqlab turgan mana shunday insonlarning mehridan bagʻrikengligidan, saxiyligidan, saxovatidan, muruvvatidan emasmi!

Aziz ustoz, koʻnglingizdagi bu quyosh hech qachon soʻnmasin. Ezgu nurlar taratishdek ulugʻ va savob ishlaringiz rohatini koʻrib yuravering.

Bahodir Rahmonov

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер