“Koʻngil koʻzi” “Sovgʻalar karvoni” Samarqandda

11:17 24 Dekabr 2019 Jamiyat
1928 0

“Xalq soʻzi ONLINE”. Abdulaziz Yoʻldoshev/Samarqand. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining “Koʻngil koʻzi” loyihasi doirasida tashkil etilgan “Sovgʻalar karvoni” xayriya aksiyasi sovgʻalari Samarqand viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi tasarrufidagi 59-koʻzi ojiz bolalar uchun ixtisoslashgan davlat taʼlim muassasasi tarbiyalanuvchilariga topshirildi.

Samarqandlik bolalar uchun joʻnatilgan sovgʻalarni topshirishish marosimida soʻzga chiqqanlar Prezidentimizning 5 ta muhim tashabbusini keng hayotga tatbiq etish, bolalarning boshqa tengdoshlaridan kam boʻlmasdan bilim olishlari, iqtidorlarini namoyon etishlariga imkoniyat yaratishda ushbu ezgu saʼy-harakat muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidlashdi. Xayriya aksiyasi orzu-umidlari bir olam oʻquvchilarga cheksiz shodlik ulashgani, ayniqsa, Yangi yil bayrami oldidan ularga haqiqiy bayram sovgʻasi boʻlganligini qayd etishdi.

“Koʻngil koʻzi” loyihasi doirasida 59-koʻzi ojiz bolalar uchun ixtisoslashgan davlat taʼlim muassasasiga Brayl alifbosida chop etilgan bosma kitoblar hamda audio qoʻllanmalar, oʻn turdagi milliy cholgʻu asboblari, qariyb yigirma turdagi zamonaviy sport anjomlari va boshqa zarur jihozlar sovgʻa qilindi.

— Maktabimizda 256 nafar koʻrishda nuqsoni boʻlgan bolalar tahsil oladi, — deydi 59-koʻzi ojiz bolalar uchun ixtisoslashgan davlat taʼlim muassasasi direktori Sulton Boboqulov. — Ammo ularda kitob mutolaasi, musiqa va sportga qiziqish juda yuqori. Bugungi sovgʻalar oʻquvchilarimizni juda ham xursand qildi. Ayniqsa, Brayl alifbosidagi badiiy adabiyotlar, oʻquvchilar uchun moʻljallangan milliy cholgʻu asboblari va sport jihozlari keltirilgani eshitgan oʻquvchilarimizning quvonchi cheksiz.

Bayram bolalar uchun shirinliklarsiz tatimaydi. “Sovgʻalar karvoni”da kelgan shirinliklar oʻquvchilarga Yangi yil oldidan bayramona kayfiyat ulashdi.

— Maktabimizda oʻqib bilim olishimiz uchun barcha sharoitlar yaratilgan, — deydi maktab oʻquvchisi Fayzulla Mardiyev. — Shu bois, maktabimizda fan, sport va sanʼat yoʻnalishlarida turli tanlovlar, musobaqalarda munosib ishtirok etib kelayotganlar juda koʻp. Men oʻzim shashka boʻyicha uch karra jahon chempionligini qoʻlga kiritdim. Bugun maktabimizga keltirilgan sport jihozlarini koʻrib juda xursand boʻldim. Kelgusida maktabimizda koʻplab chempionlar chiqishiga ishonaman. Bizga mana shunday eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatayotganlarning barchasiga rahmat.

“Sovgʻalar karvoni” topshirish marosimi oʻquvchilar tomonidan tayyorlangan bayram dasturi bilan yakunlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер