Kommunal sohada aholi murojaatlariga munosabat qanday?
Foto: Xalq so‘zi
Sir emaski, yurtimizda havoning keskin sovib ketishi bilan xalqimizning energetika va kommunal soha vakillariga murojaati keskin oshib ketdi. Sababi aniq – elektr energiyasidagi cheklovlar, gazning yetishmasligi va uning ortidan ichimlik suvi hamda boshqa muammolar odamlarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda Samarqand viloyatida 898 ming 73 ta elektr energiyasi isteʼmolchilari boʻlib, shundan 853 ming 662 tasi aholi xonadonlari, 44 ming 411 tasi ulgurji isteʼmolchilar hisoblanadi. Ularga elektr energiyasi 142 ta nimstansiya, 11 ming 480 ta transformator punkti va 27,915 ming kilometr uzatish tarmoqlari orqali yetkazib berilmoqda.
Toʻgʻri, bugun, ayniqsa, Samarqand shahridagi koʻp qavatli uylarda yashovchi aholiga hozirgidek anomal sovuq kunlarda oson boʻlmayapti. Gap shundaki, shahar hududidagi aholi aksariyat koʻp qavatli uydagi xonadonlarini faqat elektr energiyasi hisobiga isitadi. Ammo hozirda aholiga rejaga nisbatan ancha kam elektr energiya yetkazib berilayotgani bois joylarda «svet oʻchish»lar kuzatilmoqda.
Mutaxassislar buni sovuq havo oqimi tufayli magistral gaz tarmoqlarida tabiiy gaz bosimining keskin pasayishi kuzatilib, issiqlik elektr stansiyalariga kam miqdorda gaz yetib borishi natijasida elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi tushib ketgani bilan izohlayaptilar. Oqibatda yuqori va past kuchlanishli elektr tarmoqlari hamda transformatorlarda avariyalar vujudga kelishining oldini olish maqsadida elektr taʼminotida cheklovlar kiritilmoqda, deyishmoqda.
Energetikaning yana bir tarmogʻi gaz bilan bogʻliq. Sovuq havo oqimi tufayli magistral tarmoqlarda tabiiy gaz bosimining pasayishi kuzatilib, buning ortidan yuzaga kelayotgan muammolar eng koʻp aholiga ega boʻlgan Samarqand viloyatida tabiiy gaz taʼminoti qoniqarsiz ahvolda ekanligini koʻrsatmoqda.

Bugungi kunda viloyatda yuzdan ziyod mahallada tabiiy gaz bosimining pasayishi yoki gaz taʼminotida uzilishlar kuzatilyapti. Toʻgʻri, aholi va ijtimoiy soha obyektlarini “zangori olov” bilan taʼminlash maqsadida barcha zarur choralar koʻrilyapti. Jumladan, avtomobillarga siqilgan gaz quyish shaxobchalariga gaz yetkazib berish vaqtinchalik cheklandi, yirik sanoat obyektlari, kafolatlanmagan tashkilotlar va xususiy sektor ham vaqtincha tarmoqdan uzilgani tabiiy gazni aholi ehtiyojlari uchun yoʻnaltirishga imkon yaratmoqda. Shunday boʻlsada, gaz quvurlaridagi bosimning meʼyordan pastligi sababli koʻplab xonadonlarda tabiiy gaz yetib borishi beqarorligicha qolmoqda.
Suyultirilgan gaz taʼminotida ham ahvol shu. Bundan esa xalq norozi.
Shunday ekan, hozirgi sovuq va energotaqchillik vaqtida eng koʻp qaysi tashkilotlar aholi bilan muloqotda boʻlishi kerak? Tabiiyki, kommunal soha tashkilotlari.
Ammo anomal sovuq boshlanib, koʻp joylarda gaz va elektr taʼminotida muammolar yuz bera boshlagach, bu sohadagi ikkita asosiy tashkilotda ikki xil munosabat koʻzga tashlanmoqda.
Viloyat elektr tarmoqlari tizimida kunlik avariyalar, uzilishlar va muammolar tan olingani holda maʼlumotlar berib borilyapti. Hatto ijtimoiy tarmoqlardagi har bir murojaat va postga ham munosabatlar bildirilyapti. Gaz taʼminoti sohasida esa xuddi hech narsa boʻlmayotgandek, aholi shikoyatlari, savollari javobsiz, ochiq qolmoqda.
Hozirgi mavjud holat haqida Samarqand viloyat elektr tarmoqlari bergan maʼlumotga koʻra, soʻnggi oʻn kunda 300 dan ortiq transformatorlar bosimga dosh bermay, ishdan chiqqan, ikkitasi yonib ketgan. Deyarli hammasi tuzatilgan va yaroqsiz boʻlib qolganlari almashtirilmoqda. Murojaatlar soni mingdan oshib ketgan, viloyat hokimligi koʻmagi bilan tezda qoʻshimcha avariya guruhlari va maxsus texnikalar tashkillashtirilgan.
Ammo «Hududgaz Samarqand» gaz taʼminoti filiali mutasaddilarida vaziyat qanday? Nima ishlar qilinyapti? Aholining murojaatlariga qanchalik eʼtibor qaratilyapti? Afsuski, bu savollarga hech qanday javob yoʻq!
“Samarqand suv taʼminoti” MCHJga ham anomal sovuq kunlari soha boʻyicha murojaatlar soni keskin oshib ketdi. Maʼlumotlarga koʻra, tizimda viloyat boʻyicha 9-15-yanvar kunlari oraligʻida 203 ta shikoyat kelib tushgan. Shundan 188 tasi joyida bartaraf etilgan. 15 tasi bir necha kun talab etgan.
Avariya holatlarini bartaraf etish uchun 26 ta brigada tuzilgan boʻlib, 109 ta ishchi-xodim, 27 ta maxsus texnika jalb etilgan. Sohada tumanlardan kelgan eng koʻp suv tortadigan nasos, suv minorasi va boshqa inshootlar muzlab qolgani boʻyicha murojaatlar kelib tushgan. Nasosdan suv minorasigacha, suv minorasidan isteʼmolchilargacha boʻlgan tarmoqlarni eritish ishlariga asosiy eʼtibor qaratilgan. Keyingi kunlarda kunduzi havo harorati koʻtarila boshlagach, bu turdagi murojaatlar soni kamaygani ham rost.
Yana bir masala. Bugun aksariyat koʻp qavatli uylarning oldida podyezdlarga kirish joylari va piyodalar yoʻlakchalari oʻz vaqtida qordan tozalanmagani uchun muzlab qolganini koʻrasiz. Muzlamalardan yurish esa, ayniqsa, keksalar, homilador ayollar, kichik yoshdagi bolalar uchun xavfli. Shunday ekan, yoʻlaklarni, uy atroflarini qoru muzdan tozalashda hududga xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar, obodonlashtirish xodimlaridan tashqari mahalla faollari va xonadon egalari ham hashar qilib, faollik koʻrsatsa, nur ustiga nur boʻlar edi.
Ammo bunisi endi alohida mavzu.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring