“Koʻkda poda boqib yuribdi hilol”

10:03 26 Avgust 2023 Jamiyat
896 0

Qoraqalpogʻiston xalq shoiri, goʻzal sheʼrlari bilan koʻplab dillardan joy olgan shoir, tarjimon Rustam Musurmon bugun muborak 60 yoshga toʻldi. Ijodkorga uzoq umr, ijodiy barkamollik, toʻkis hayot tilaymiz. Tavallud sana munosabati bilan sheʼriyat muxiblari eʼtiboriga quyidagi sheʼrlarini taqdim etamiz.

OSHI HALOL

Poda qaytdi,

Qirda yonadi gulxan.

Podachi gulxanga yotib biryonbosh

Xurjundan chiqardi bitta koʻpgannon —

Ufqqa yonboshlab mudraydi quyosh…

Oshi halol,

Podachi,

Oshi halol!

Sovliqlar sogʻildi,

Qoʻzilar yotdi.

Eshiklarni yopdi qoʻrayu qoʻrgʻon.

Ovloq daralarning koʻzlari yondi —

Toshoʻchoqda qaynar bir qora qumgʻon.

Oshi halol,

Podachi,

Oshi halol!

Rizqu roʻz beradi buloq, togʻu tosh,

Odamning mol boqib topgan noni bol!

Osmonda porlaydi yulduzlar bosh-bosh,

Koʻkda poda boqib yuribdi hilol!

Oshi halol,

Podachi,

Oshi halol!

ONAMNI ESLAB

Daraxt kabi gullab-yashnaydi odam,

Ota bilan ona baxsh etur umr.

Unib-oʻsib farzand koʻrgay daraxt ham,

Odam ham tuproqqa otgaydir tomir.

Daraxtni yiqolmas shamol, sel, boʻron,

Shoxlari boʻy choʻzib yuksalar koʻkka.

Yer ostiga kirar tomiri teran,

Daraxtni ildizi ushlaydi tikka.

Bahorda daraxtim gullar, koʻnglim toʻq,

Shirin mevalarim oʻgʻlim va qizim.

Faqat bir armonim – endi onam yoʻq,

Tuproqqa koʻmildi mening ildizim.

SEVGI

Hayotda ochlikka chidashim mumkin,

Chidashim mumkindir suvsizlikka ham.

Sensizlikka chiday olmayman lekin,

Aslo sensiz yashay olmayman, erkam.

Chidayman tunlari uyqusizlikka,

Tinimsiz mehnatga chidayman kunduz.

Biroq chidolmayman tuygʻusizlikka,

Jonim, sensiz yashay olmayman yolgʻiz.

Soyabonsiz chiday olaman yozda,

Oʻtga ham, muzga ham chidayman, ishon.

Kiyimsiz yashashim mumkin ayozda,

Faqat yasholmayman sensiz hech qachon.

NILUFAR

Bir koʻrib ayrildim aqlu hushimdan,

Gul chiroy, gul ruxsor, gul ifor –

Tunlari ketmaysan aslo tushimdan,

Nilufar!

Boladek xayolim oydek yuzingdan

Gul uzar, gul hidlar, gul oʻpar –

Qarayman koʻzimni uzmay koʻzingdan,

Nilufar!

Soʻz – sifat izlayman goʻzal husningga –

Guljamol, gulchehra, gulbahor…

Munosib yaralgan isming jismingga,

Nilufar!

Bahor, yoz, kuzda ham, qishda ham koʻngil

Gul tilar, gul istar, gul sevar.

Koʻnglimni umrbod rom aylagan gul –

Nilufar!

Mehru muhabbatning izhori goho –

Guldasta, gulbargak, gulchambar.

Ilohiy muhabbat timsoli tanho –

Nilufar!

IQROR

Sen uchun qilichman, sen uchun qalqon,

Bir umr askarman, bir umr posbon,

Senga jonim fido, senga jon qurbon,

Vatan va ozodlik, ayol, muhabbat!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер