“Koʻk anor ranglilar” magʻlubiyatga haqlimidi? Yoxud Madriddagi teatr”

11:19 03 Mart 2020 Sport
1257 0

Kecha barcha futbol ishqibozlarining diqqat-markazi Madrid shahridagi “Santyago Bernabeu” stadioniga qaratilgan boʻlsa ajab emas. Ispaniya La- Ligasining 26-turi doirasidagi markaziy oʻyin aynan shu megapolisda oʻtkazildi. Shaharnng bosh jamoasi “Real” Kataloniyaning “Barselona” klubini qabul qildi. Bahs murosasiz kechdi va yakunda turnir jadvalidagi keskin oʻzgarishlarga sabab boʻldi ham.

Ushbu uchrashuvga jamoalar bir-biriga nisbatan oʻxshash kayfiyat va holatda yetib kelishdi desak xato boʻlmaydi. Yevropa chempionlar ligasi doirasidagi pley-off bosqichida “katalon” klubi Neapolga safar uyushtirgan va qiyinchilik bilan durangga rozi boʻlgan edi(1:1), madridliklar esa oʻz uylarida Angliyaning “Manchester Siti” klubidan qaqshatqich zarba qabul qilib olgandi(1:2).

Boz ustiga, jamoalarning turnir jadvalidagi yonma-yon oʻrnidan ham bilishimiz mumkinki, bu bahs oʻta prinsipial ahamiyatga ega va qaysidir maʼnoda chempionlik masalasiga ham bir jihatdan oydinlik kiritib berar edi. Lekin “qaymoqranglilar” bu “Klassiko”ga anchayin ogʻirroq ahvolda tashrif buyurganliklarini statistik maʼlumotlar ham tasdiqlab turibdi. Klub bu turgacha soʻnggi 5 ta oʻyindan 3 tasini boy berib qoʻydi.

Oʻz navbatida yaqin yillar ichida oʻtkazilgan “El-Klassiko”larda “Barselona”ning ustunligini koʻrishimiz mumkin. Oxirgi 7 oʻyindan buyon “Real” raqibini yuta olmayotgandi.

Oʻyindagi asosiy voqealar jarayoniga eʼtibor qaratsak, Zidan bu safar taktikani toʻgʻri tanlay oldi va individual futbolchilarga asosiy urgʻuni berdi. Birinchi navbatda Mendi pozitsiyasiga Marseloni tushirish oʻzini oqladi deyish mumkin. Chunki bahs davomida Marselo qanotni almashtirib oʻynadi va markazga – Kross va Modrich chizigʻiga uzatilayotgan toʻplarda uzilish boʻlmadi. Aynan Messini kutib olishda ham braziliyalik futbolchi deyarli adashmadi. “Barsa” ikkinchi boʻlimning dastlabki 15 daqiqasigacha bir xil surʼatda oʻynadi. Oʻyin jamoa bosh murabbiy Setyen koʻrsatmasiga binoan qisqa paslar orqali tashkillashtirildi. Qarshi hujumlardagi tezkorlik shuning uchun koʻzga tashlanmadi. Buning ustiga kutilgan oʻzgarish sal kechroq amalga oshirildi. Mehmonlar safidan Martin Breytueyt kechroq maydonga tushirildi. Vaholonki, shundan soʻng, “katalon” klubining hujumlarida rang-baranglik koʻzga tashlana boshladi. Daniyalik hujumchi bir qator vaziyatlarda Tibo Kurtuani mushkul ahvolga solib qoʻydi.

Paradoksni qarangki, aynan Breytueytning Vinisius bilan boʻlgan toʻp uchun kurashda yutqazib qoʻyishi natijasida yuzaga kelgan hujum mezbonlar foydasiga hal boʻldi - 1:0.

Lirik chekinish. Suaresning jarohati sabab bahsni oʻtkazib yuborganligi ham oʻyinga salbiy taʼsirini oʻtkazmay qolmadi.

Ikkinchi gol ham birinchisiga juda oʻxshash tarzda sodir boʻldi. Himoyadagi pala-partish harakatlar mehmonlarni yana bir bor jazoladi. Bu safar katta sahnaga Mariano Dias chiqdi. Umuman olganda, Kike Seten bu bahsga jiddiy tayyorlanmadi va klubning eski uslubini maydonda qoʻlladi. Bu esa oʻzini oqlamadi. Ushbu natija “Real Madrid”ga 3 ochko olib kelishi bilan birga La-Ligadagi intrigani ham keskin oshirdi. “Qirollik klubi” endi 3 yillik noxush anʼanaga barham berib, yana chempionlikni qoʻlga kiritish uchun juda katta qadam tashladi. “Barselona” esa qolgan 12 tur davomida taʼqibchilarining qoqilishlarini kutishga majbur.

Yusufbek Saydaliyev, OʻzJOKU talabasi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер