Klaus Mangold: «Oʻzbekiston Berlindagi turizm yarmarkasida ishtirok etishi juda muhim»

22:46 27 Fevral 2023 Siyosat
777 0

24-fevral kuni Madaniyat va turizm vazirining birinchi oʻrinbosari Ulugʻbek Aʼzamov va Germaniyaning «Mangold Consulting GmbH» kompaniyasi raisi, professor Klaus Mangold oʻrtasida onlayn uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvdan koʻzlangan maqsad – Oʻzbekistonning Yevropa va butun dunyodagi mavqeyini oshirish, xususan, mamlakatning boy madaniyati va turizm salohiyatini xorijda keng namoyish etishdir.

Taʼkidlash kerakki, Germaniya turistik assotsiatsiyasi (DRV) bilan hamkorlikda «Destination Forum» loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Unga koʻra, 2023 yilning may oyida DRV tarkibiga kiruvchi Germaniyaning eng salohiyatli turistik operatorlari va eng yirik turistik agentliklari vakillari (umumiy 70 kishiga yaqin) uchun Oʻzbekistonda seminar tashkil etish koʻzda tutilgan. Uchrashuvda ana shu masala yuzasidan ham muzokaralar olib borildi.

K.Mangold, shuningdek, Madaniyat va turizm vazirligi vakillarining joriy yilning 7–9-mart kunlari Germaniyaning Berlin shahrida boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan «ITB-Berlin» sayyohlik yarmarkasidagi ishtirokidan manfaatdor ekanligini va mazkur tashrif Oʻzbekiston va Germaniyaning turizm sohasidagi aloqalarini yanada mustahkamlashini taʼkidlab oʻtdi.

Qayd etish joizki, «ITB-Berlin» (Berlindagi Xalqaro turizm birjasi) – dunyodagi eng yirik sayyohlik yarmarkalaridan biri boʻlib, har yili Berlindagi «Messe Berlin» yirik koʻrgazma majmuasi hududida oʻtkaziladi.

Maʼlumot uchun, 2022 yilning 23-noyabr kuni Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov hamda Klaus Mangold oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtgandi. Uchrashuvda Oʻzbekistonga yevropalik sayyohlar oqimini oshirish, «Uzbekistan» milliy brendini xorijda keng targʻib qilish va boshqa muhim masalalarga eʼtibor qaratilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер