Kitobxonlik haftaligi Samarqandda ham tantanali boshlandi
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Pushkin nomidagi Samarqand viloyat axborot-kutubxona markazida “Oʻzbekiston — kitobxonlar yurti” shiori ostida “Kitobxonlik haftaligi” boshlandi. Uning ochilishiga bagʻishlangan tadbirda viloyat hokimining oʻrinbosari Rustam Qobilov, viloyat va shahar hokimligi hamda keng jamoatchilik vakillari, kitobxonlar, shoir va yozuvchilar ishtirok etdi.

Soʻzga chiqqanlar yurtimizda aholining kitobxonlik madaniyati va yoshlarning kitobga mehrini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, xayrli tashabbuslar haqida fikr-mulohazalarini bildirdi. “Sevimli kutubxonamga kitob sovgʻa qilaman” aksiyasi doirasida viloyat axborot-kutubxona markaziga kitoblar tuhfa qilindi.

Tadbir doirasida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, taniqli publitsist Nusrat Rahmatning buyuk jadid, maʼrifatparvar Mahmudxoʻja Behbudiyga bagʻishlangan “Jadid” kitobi taqdimoti oʻtkazildi.

Mazkur haftalik davomida viloyatda koʻplab tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Jumladan, bir qator yangi kitoblar taqdimoti, kitob koʻrgazmalari, shoir va yozuvchilar bilan uchrashuvlar, “Kitob va kino” hamda “Kitobxonlik oiladan boshlanadi” koʻrik-tanlovlari, “Zakovat” intellektual oʻyini, xalqimizning kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan davra suhbatlari oʻtkaziladi. Bunday tadbirlar tuman va shaharlar, taʼlim muassasalaridagi kutubxonalarda ham tashkil etilishi koʻzda tutilgan. Besh kun davomida barcha kutubxonalarda “Sevimli kutubxonamga kitob sovgʻa qilaman” aksiyasi oʻtkaziladi.
Tadbir kitobxonlik madaniyatining keng targʻibotiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring