Kim Chen In 20 kun deganda koʻrinish berdi
Shimoliy Koreya yetakchisi, mamlakat mehnat partiyasi raisi Kim Chen In omma oldida koʻrinish berdi. U Sunchxon oʻgʻitlar zavodining ochilish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda Koreya markaziy telegraf agentligi (STAK) maʼlum qildi.
“Mamlakat rahbari Kim Chen In, shaxsan marosimda ishtirok etib, qurilish tugaganini anglatuvchi lentani kesdi. Soʻng xursand holda quruvchilar va omma oldida qoʻlini silkitdi“, deb taʼkidladi STAK. Agentlikning xabar berishicha, 1-may kuni KXDR rahbari ishtirokida zavodning tantanali ochilishi boʻlib oʻtdi va u xalq respublikasida anʼanaviy ravishda keng nishonlanadigan Xalqaro ishchilar bayramiga toʻgʻri keldi.
KXDR rahbari Sunchxon fosforli oʻgʻitlar zavodining foydalanishga topshirilishini “mamlakat kimyo sanoatini yuqori bosqichga olib chiqishda muhim bosqich“ deb atadi.
Maʼlumot uchun, Kim Chen In 12-apreldan buyon koʻrinish bermayotgan va hatto 15-aprel kuni mamlakatdagi asosiy bayram hisoblangan bobosining tugʻilgan kuni munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirda ham qatnashmagandi. Shundan soʻng, uning ogʻir operatsiyani boshdan kechirgani, ahvoli ogʻirligi va goʻyoki oʻlgani haqida xabarlar paydo boʻldi.
36 yoshli Kim Chen In mamlakatni 2011-yildan buyon boshqarib keladi. U partiya raisligiga otasining vafotidan soʻng kelgan va mamlakatni boshqarayotgan sulolaning uchinchi vakili hisoblanadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring