Kichik sanoat zonalarida qanday muammolar uchramoqda?
Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida iqtisodiyot tarmoqlari hamda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga muhim eʼtibor qaratilmoqda.
Bu borada davlatimiz rahbarining bir nechta farmon va qarorlari qabul qilindi. Ularda iqtisodiy oʻsish va investitsiyaviy faollikni ragʻbatlantirish, ishlab chiqarish surʼatlarini va aholi bandligini oshirish, tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida bir qator preferensiya va imtiyozlar berish koʻzda tutilgan. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hududlarda boʻlib, mazkur yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlarni oʻrganish va tizimli tashkil etishga koʻmaklashyapti.
Fargʻona viloyati 113-Toshloq saylov okrugidan saylangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Nodir Tilavoldiyev tadbirkorlar hamda kichik sanoat zonalari ishtirokchilari bilan uchrashib, ularning faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Haqiqatan ham bugungi sharoitda tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, samarali faoliyat yuritishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berish har doimgidan juda muhim. Fargʻona viloyatida Prezidentimizning joriy yil 19-martda qabul qilingan “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni asosida 37 ming 89 ta, 3-apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni boʻyicha esa 22 ming 553 ta tadbirkorlik subyektlariga imtiyoz va preferensiyalar taqdim etilgan.
Joylarda boʻsh turgan yoki samarasiz foydalanilayotgan ishlab chiqarish maydonlari negizida tashkil etilgan kichik sanoat zonalarida istiqbolli tadbirkorlik loyihalarini joylashtirish hisobiga yangi ish oʻrinlarini yaratish, import oʻrnini bosadigan va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga alohida eʼtibor qaratilyapti. Aynan shuning uchun ham hududlardagi iqtisodiy faollik va bandlikni kengaytirish maqsadida inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan respublikamizdagi kichik sanoat zonalari infratuzilma obyektlarini qurish, rekonstruksiya va taʼmirlash uchun 400 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan. Jumladan, Fargʻona viloyatidagi kichik sanoat zonalariga bu maqsadlar uchun 39,2 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlib, mavjud kichik sanoat zonalari va 11 ta hududda tashkil etiladigan 15 ta kichik sanoat zonalariga sarflanadi. Bugungi kunda buyurtmachi tashkilot – viloyat yagona buyurtmachi injiniring kompaniyasi tomonidan mazkur mablagʻlarni unumli sarflash va zaruriy loyiha smetalari, kichik sanoat zonalari bosh rejasi va kadastr hujjatlarini tayyorlash, buyurtma vazifalarini bajaruvchi korxonalarni tanlash yuzasidan tender tanlovini oʻtkazish kabi birinchi galdagi vazifalar amalga oshirilmoqda.
— Kichik sanoat zonasi direksiyasi rahbariyati va ishtirokchilari bilan uchrashuvda ularni qiynayotgan muammolar borasida ham takliflar bildirildi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati N. Tilavoldiyev. – Xususan, kichik sanoat zonalarida bugungi kunda soliq va boshqa imtiyozlar joriy yilning 1-yanvarida toʻxtalishi natijasida tadbirkorlik subyektlarini kichik sanoat zonasiga qiziqishlari kamaygan. Kichik sanoat zonasi ishtirokchisi maqomini olgan, investitsiya loyihasini amalga oshirayotgan tadbirkorlar uchun elektr energiya hamda tabiiy gaz uchun toʻlovlarini yuz foiz oldindan toʻlash oʻrniga qisman boʻlib toʻlashga ruxsat berish va isteʼmol qilingan oy uchun toʻlovlar kechikkan hollarda oʻn kun muddatgacha jarima qoʻllamaslikni taklif etmoqda. Albatta bu masalalar ularning faoliyatini samarali tashkil etishga xizmat qiladi.
Pandemiya davrida viloyatdagi tadbirkorlik va ishlab chiqarish korxonalarida faoliyatni toʻla quvvatda tashkil etish, belgilangan loyihalarni amalga oshirish borasida saʼy-harakatlar koʻzga tashlanyapti. Bu esa mamlakatimiz iqtisodiyotining barqarorligini taʼminlash va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring