Xoʻjalik bekalarining ustama pullari sud orqali undirib berildi
Koʻp yillik mehnat faoliyati davomida oylik maoshim kam chiqdi, deb jamoasidagi buxgalteriya bilan hech boʻlmaganda biror marta bahslashmagan kishi boʻlmasa kerak. (Bahsda yutib chiqqanlar undan ham kam desak, bu ham bor gap). Albatta, biz bugun hikoya qilayotgan kishilar — Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Navoiy viloyat hududiy filialining xoʻjalik bekalari ham bir necha bor muassasa hisobchilari bilan oylik maoshiga toʻlanayotgan ustama miqdorining kamligi boʻyicha bir necha bor bahslashishgan. Biroq masala adliya idoralar aralashuviga qadar ijobiy yechim topmagan.
Xullas, Navoiy shahar adliya boʻlimi Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Navoiy viloyat hududiy filialida xoʻjalik bekasi vazifasida ishlab kelayotgan Gulnoz Jalilova, Xolida Tursunova, Nodira Axatovalarning oylik maoshiga toʻlanadigan ustama miqdorining kamligi yuzasidan qilgan murojaati oʻrganilganda ushbu tibbiyot muassasasi 2020-yildan 2023-yilga qadar xoʻjalik bekalarining oylik ish haqiga ustamani kam toʻlab kelganligi aniqlandi.
— Respublika Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 10-sentyabrdagi tegishli qaroriga muvofiq tibbiyot tashkilotlarining xoʻjalik bekalariga har oy eng kam ish haqining 25 foizi miqdorida ustama toʻlanishi belgilangan boʻlsada,nomi tilga olingan tibbiyot markazi xodimlariga bazaviy hisoblash miqdoridan kelib chiqqan holda ustama toʻlovlarini amalga oshirishgan, — deydi Navoiy shahar adliya boʻlimi boshligʻi Azamat Xolmuminov. — Yaʼni, bugungi kun bilan hisoblanadigan boʻlsa, 980 ming soʻm oʻrniga 330 ming soʻmning 25 foizi olinib, shu asosda ustama toʻlab kelingan.
Navoiy shahar adliya boʻlimining mazkur holat yuzasidan fuqarolik ishlari boʻyicha Karmana tumanlararo sudiga kiritgan daʼvo arizasi qanoatlantirilib, sudning hal qiluv qarori bilan Gulnoz Jalilova hamda Xolida Tursunovalarning har biriga 8 million 209 ming soʻmdan, Nodira Axatovaga esa 6 million 182 ming soʻm ish haqqi ustama pullari undirildi.
Shuningdek, bugun adliya boʻlimiga Navoiy viloyat perenatal markazidan 8 nafar, viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazidan 7 nafar, viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazidan 6 nafar xoʻjalik bekalarining murojaatlari asosidagi daʼvo arizalari ham sudda koʻrib chiqilib, mazkur muassasalar xoʻjalik bekalarining eʼtirozlari ham ijobiy hal etildi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring