Xoʻjaylida Buxoro nafasi kezmoqda

15:35 30 May 2022 Jamiyat
989 0

Foto: Халқ сўзи

Ilgari xabar qilganimizdek, Buxoro viloyati Qoraqalpogʻiston Respublikasining Xoʻjayli tumanini oʻz tajribasidan kelib chiqqan holda ijtimoiy- iqtisodiy rivojlantirish ishlariga baholi qudrat hissa qoʻshmoqda.

Orolboʻyining 125 ming atrofida aholi istiqomat qilayotgan mazkur tumanida buxoroliklar saʼy-harakati bilan infratuzilmani ravnaq toptirish yoʻnalishida keng qamrovli yumushlar bajarilmoqda. Masalan, Buxoro viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonasi jamoasi tomonidan 8 kilometrga yaqin masofadagi yaroqsiz ahvolga kelgan simyogʻochlar 150 ta temir-beton tayanch ustunlar bilan almashtirildi. Xoʻjaylining “Jayxun”, «Shagʻalakoʻl» mahallalarida yangi transformatorlar oʻrnatildi. Aholi va korxona – tashkilotlarni elektr energiyasi bilan taʼminlashni yaxshilashga qaratilgan bu kabi ishlar davom etmoqda. Yoʻl va koʻchalarni asfaltlash, shagʻal yotqizish, tabiiy gaz taʼminoti borasidagi tadbirlar ham avj pallada. “Kun nuri” mahalla fuqarolar yigʻini hududida esa buxoroliklar tomonidan uy-joylar barpo etish boshlab yuborilgan.

Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati rahbari Olimjon Joʻrayevning xabar berishicha, Xoʻjaylida kuni kecha yana bir esda qolarli tadbir tashkil etildi. Tumanda Buxoro viloyati madaniyat kunlari tadbiri oʻtkazildi. Shu munosabat bilan qoraqalpoq zaminiga Buxoro viloyat delegatsiyasi tashrif buyurdi. Dastavval Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari, masʼullar Xoʻjaylidagi mahallalar, infratuzilma obyektlarida boʻlib, amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdilar. Galdagi vazifalar yuzasidan fikrlashib olindi.

Ezgu maqsadlar, savob ishlar koʻngillarga quvonch olib kiradi.Odamlarning yanada yaxshiroq yashashga boʻlgan ishtiyoqini kuchaytiradi. Shu nuqtayi nazardan tumandagi “Yakkasaroy” marosimlar zalida xoʻjaylilik ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari 10 nafarining sunnat va 20 ta oila farzandlarining nikoh toʻylari oʻtkazilgani ayni muddao boʻldi.

Madaniyat kunlari dasturi doirasida buxorolik sanʼatkorlar tomonidan namoyish etilgan teatrlashtirilgan tomosha va konsert tuman aholisiga yanada xushnudlik bagʻishladi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер