“Xoʻja Kalon” hovuzi oldida oʻzboshimchalik bilan boshlangan taʼmirlash ishlari toʻxtatildi
Keyingi kunlarda turli ijtimoiy tarmoqlar, internet saytlarida koʻplab muhokamalarga sabab boʻlayotgan Buxoro shahrining tarixiy qismida joylashgan “Xoʻja Kalon” hovuzida olib borilayotgan taʼmirlash-tiklash ishlari holati yuzasidan Buxoro shahar hokimligi, Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish Departamentining viloyat boshqarmasi va boshqa masʼul tashkilotlar vakillari tomonidan oʻrganish oʻtkazildi. Bu haqda Buxoro shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Maqolada qayd etilganidek, haqiqatdan ham Buxoro shahridagi “Xoʻja Kalon” masjidi va minorasi 1573–1579-yillarda qurilgan boʻlib, bemisl madaniy qiymatga ega obyekt hisoblanadi. Buxoro shahrining tarixiy qismi hududida joylashgan bu obyekt YUNESKOning butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilib, muhofazaga olingan.
Madaniy merosni saqlash va restavratsiyasi boʻyicha koʻp yillik mehnat faoliyatiga ega boʻlgan mutaxassislar va mazkur hududda yashovchilarning maʼlumotlariga koʻra, Buxoro shahar Gavkushon koʻchasidagi “Xoʻja Kalon” hovuzi 2001-yilda olib borilgan rekonstruksiya ishlari davomida topilgan va oʻsha yilda qayta restavratsiya qilingan.
Biroq oʻsha davrdagi taʼmirlash ishlari shoshilinch va sifatsiz amalga oshirilgani bois hovuzga toʻplanadigan suv oqimi yoʻnalishi drenaj va kanalizatsiya tizimlariga ulanmagan.
Har yilgi kuzatuvlar shuni koʻrsatmoqdaki, bahor va kuz fasllarida yuzaga kelayotgan yogʻingarchiliklar davomida toʻplanadigan katta hajmdagi suv qadimiy madaniy meros obyektlari, jumladan, “Chor Minor” madrasasi, “Xoʻja Kalon” masjidi va minorasi kabi obyektlar poydevoriga sizib kirib, ularning yemirilishi va choʻkishiga olib kelmoqda. Bunday holatlarda suv taʼsirini oldini olish yoki kamaytirish uchun har bir obyekt boʻyicha tezkor (operativ) choralar koʻrilishi talab etilmoqda.
Shu munosabat bilan ob-havo, yogʻingarchiliklar va dinamik taʼsirlar natijasida “Xoʻja Kalon” hovuzi gʻishtlarida choʻkish, yorilish va eskirishlar kuzatilganligi tufayli hamda ushbu obyektga olib boruvchi koʻchalarda suv toʻplanishi natijasida aholining harakatlanishiga noqulayliklar paydo boʻlayotganligi haqida “Hamid Olimjon” mahallasida yashovchi aholining murojaatlarini eʼtiborga olib, obyekt atrofi, qolaversa, “Shohrud” arigʻini qayta rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.
Oʻrganishlar jarayonida maʼlum boʻlishicha, har yili kamida ikki marta “Shohrud” arigʻini balchiq va chiqindilardan tozalash ishlari belgilangan boʻlib, navbatdagi tozalash ishlari vaqtida “Xoʻja Kalon” hovuzi atrofidagi toshlar yomgʻir suvlari taʼsirida oʻrnidan qoʻzgʻalib yiqilganligi sababli ularni tezkor tartibda joyiga oʻrnatib qoʻyish maqsadida bu joyga texnika kiritilgan.
Biroq tuzatish ishlari jarayonida qadimiy madaniy meros obyekti hisoblangan “Xoʻja Kalon” masjidi va minorasiga zarar yetkazilmagan.
Shunday boʻlsa-da “Xoʻja Kalon” hovuzi atrofida oʻzboshimchalik bilan boshlangan taʼmirlash ishlari zudlik bilan toʻxtatildi.
Oʻrganish davomida ushbu obyektda taʼmirlash ishlarini olib borish uchun qonun hujjatlarida belgilangan talablarga amal qilmagan holda qurilish texnikalarini kiritilishi holatiga huquqiy baho berish va aybdorlarga nisbatan taʼsir choralarini koʻrish boʻyicha toʻplangan hujjatlar Buxoro shahar prokuraturasiga taqdim qilindi.
Yuqoridagilarga asoslangan holda hamda bu hududda dinamik taʼsirlar natijasida madaniy meros obyektlarni yemirilishi va nurab ketishini oldini olish maqsadida amalga oshiriladigan tiklash va restavratsiya ishlari boʻyicha tayyorlangan loyiha hujjatlari qisqa fursatda Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamentiga taqdim etilishi maʼlum qilinadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring