“Xorosho”dan “Okey”ga oʻtyapmizmi?

12:36 13 Dekabr 2019 Jamiyat
1808 0

Xizmat yuzasidan koʻpgina ishchi telegram guruhlaridagi yozishmalarni kuzatishga toʻgʻri keladi. Ularga asosan ushbu aloqa vositalariga mutasaddi boʻlgan idoralarning topshiriqlari, xabarnomalari qoʻyiladi. Va bir vaqtlarda boʻlganidek, qoʻngʻiroqbozlikka hojat qolmaydi va qogʻoz koʻtarib tashkilotma tashkilot yuradigan xabarchi(kureyer)ning ishi sanoqli daqiqalarda bajariladi. Yaʼni guruh aʼzolari (deyarli barchasi ziyolilar) birin-ketin uzatilgan xabarni olganliklarini tasdiqlovchi soʻzlarni bitishadi. Bu yaxshi, albatta. Ammo oʻsha bitiklarning aksariyati “OK”dan iborat ekanligi kishini avval hayron qoldirsa, soʻngra koʻngilda “Hozircha yozmadagi bu soʻz vaqt oʻtib ogʻzakiga ham koʻchmasmikan?” degan savol tugʻiladi.

Holbuki, oʻzbek tilida “OK” maʼnosini ifoda etuvchi koʻplab sinonimlar bor.Deylik, “tushunarli”, “yaxshi”, “xoʻp”, agar eʼtirof maʼnosida boʻlsa “Ofarin”, “Balli”, “Barakalla” “Qoil”... Qarang qanday chiroyli, bu soʻzlarimiz! Eng muhimi,ularning har birida oʻzbekona odob bor.

Avvallari biron gapga qoʻshilish yoki uni tasdiqlashda “xorosho” deyish urf boʻlgan edi. Yana ayrim holatlarda rus tilida gaplasholmasa-da, yaxshi tushunmasada, goʻyoki boshqalarda uni mukammal biluvchi sifatida taassurot uygʻotish uchun gapi orasiga ana shu soʻzni qoʻshib qoʻyadiganlar ham boʻlar edi... Endi esa “Okey”.

Yana akalarga “Brat”, ukalarga “Bratishka” deyilardi. “Boboy” kalomi ham shu tarzda paydo boʻlgan.

Hadik shuki, nabiralarimiz ham hademay, “Xoʻp boʻladi, bobojon!” deyish oʻrniga “Okey, grandfatxer!” yoki “Okey, grandfazr!” demasinda, ishqilib...

Tilimizning sofligini asraylik, azizlar!

Ahmadali ShERNAZAROV, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер