Xorazmda test sinovlari yakunlandi
Maʼlumki, bu yil oliy taʼlim dargohlariga oʻqishga kirish uchun test sinovlari 2-sentyabrdan boshlandi. Mamlakatimizning barcha hududlaridagi kabi Xorazm viloyatida ham test sinovlari karantin talablariga rioya qilingan holda, qatʼiy tartib intizom asosida oʻtdi.
— Joriy yilda viloyat boʻyicha 77 972 nafar abituriyent test sinovlarida qatnashish uchun roʻyxatdan oʻtgan, — deydi Davlat test markazining Xorazm viloyati boʻlimi boshligʻi Baxtiyor Yaqubov. — Pandemiya sharoitidan kelib chiqib test sinovlari Urganch shahridagi 3 ta oʻyingohda oʻtkazildi. Bir vaqtning oʻzida 3600 nafar abituriyentni joylashtirish sigʻimiga ega ushbu oʻyingohlar zamonaviy kuzatuv kameralari bilan jihozlangan boʻlib, ota-onalar oʻz farzandining sinovdan oʻtish jarayonini internet tarmogʻi orqali kuzatib bordilar. Test sinovlariga kiritilayotgan abituriyentlarning tana harorati oʻlchanib, bir marta ishlatiladigan niqob, qoʻlqop va boshqa zarur antiseptik vositalar bilan taʼminlandi. Har kuni ikki smenada jami 7200 nafar abituriyent test topshirdi va ushbu masʼuliyatli jarayonni belgilangan muddatda muvaffaqiyatli yakunladik.
— Urganch davlat universitetining kimyo yoʻnalishiga hujjat topshirganman, — deydi test sinovlarini topshirib chiqqan abituriyentlardan biri Ozoda Rajabova. — Mamlakatimizda kimyo va biologiya fanlarini rivojlantirish, ushbu yoʻnalishlarda taʼlim sifati va ilm-fan natijadorligini oshirish “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyot yili” Davlat dasturining ustuvor vazifalari qatorida belgilangan.Yaqinda Prezidentimizning bu yuzadan maxsus qarori ham qabul qilindi. Orzuim ushbu yoʻnalishda tahsil olib tumanimizda yangi tashkil etiladigan kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan tayanch maktabda yoshlarga saboq berish.
Odilbek Odamboyev,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring