Xorazmda Kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan oʻtkazilgan tanlov gʻoliblari taqdirlandi

13:59 10 Noyabr 2023 Jamiyat
237 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Yangi Oʻzbekistonning yangi kasaba uyushmalari hayotida tub burilishlar va hayotbaxsh oʻzgarishlar yuz berdi. Avvalo, “Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida»gi Qonunning qabul qilinishi ushbu jamoat tashkiloti faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga va vakolatlarini yanada kengaytirish imkoniyatini yaratmoqda. Prezidentimizning taklifi bilan inson qadri va uning shaʼnini ulugʻlashga qaratilgan xalqparvar siyosatning amaliy ifodasi sifatida 11-noyabr — “Kasaba uyushmalari kuni” etib belgilandi.

Oʻzining boy tajriba maktabi, shonli anʼanalariga ega boʻlgan Kasaba uyushmalari Federatsiyasining Xorazm viloyati Kengashi ham mehnatkashlarning ijtimoiy himoyasi, inson manfaatlarini taʼminlash yoʻlida keng koʻlamdagi ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

— Hozirgi kunda viloyatimizda kasaba uyushmalari tizimida 2 mingdan ortiq boshlangʻich tashkilotlar samarali faoliyat koʻrsatmoqda va turli sohalarda mehnat qilayotgan 320 ming nafardan ziyod aʼzolarni oʻz saflarida birlashtirgan, — deydi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Xorazm viloyati kengashi raisi Gulsara Qurbonboyeva. — Kasaba uyushma tashkilotlari tomonidan xodimlarning mehnatga oid huquq va manfaatlarini taʼminlash, salomatliklarini mustahkamlash va maroqli dam oldirish, bolalar oromgohlari faoliyatini tashkil etish borasida bir qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Jumladan, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida soha xodimlarining saʼy-harakatlari bilan 89 nafar ishchi-xizmatchining mehnat huquqlari tiklanib, ularning foydasiga 380 mln. soʻmdan ortiq mablagʻ undirib berildi, mehnat muhofazasi boʻyicha 30 ta korxona va tashkilotdagi xodimlarning hayoti va mehnati uchun xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan 200 dan ziyod kamchiliklar bartaraf etildi.

Bundan tashqari viloyatda yoz mavsumida 11 ming nafardan ziyod bolalarning oromgohlarda dam olishlari tashkil etildi, 2600 nafar xodimlar va ularning oila aʼzolari tizimga qarashli sihatgohlarda imtiyozli tarzda sogʻlomlashtirildi. Ichki turizm yoʻnalishida “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil” loyihasi doirasida 18 ming nafardan ortiq kasaba uyushma aʼzolarining tarixiy shaharlarga sayohatlari uyushtirildi.

Kasaba uyushmalari “Ayollar daftari” tizimi orqali 55 ming nafar xotin-qizning   muammolarini oʻrganish va   hal etishda alohida tashabbus va jonbozlik koʻrsatmoqda. Bu borada Federatsiya qoshida tashkil etilgan “Ishonch telefoni”ga xotin-qizlar tomonidan kelib tushgan murojaatlar tezkor oʻrganilib, muammolarga oqilona yechim topilayotgani ham shundan darak beradi. Kooperatsiya usulidagi tadbirkorlik tajribasini ommalashtirish boʻyicha ishga tushirilgan 46 ta loyiha orqali 14 ming nafardan ortiq aholi, jumladan, 12 ming nafarga yaqin ayollar ish bilan taʼminlandi.

11-noyabr – Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan viloyatda oʻtkazilgan bayram tadbirida erishilgan muvaffaqiyatlar yana bir bor eʼtirof etilib, bir guruh kasaba uyushma faollari hamda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan oʻtkazilgan tanlovning “Eng yaxshi sektor rahbari”, “Eng yaxshi mahalla raisi”, “Eng yaxshi hokim yordamchisi”, “Eng yaxshi xotin qizlar faoli”, “Eng yaxshi yoshlar yetakchisi”, “Eng yaxshi profilaktika inspektori”, “Eng yaxshi hamshira” nominatsiyalari gʻoliblariga viloyat hokimligining Faxriy yorligʻi va bayram sovgʻalarini topshirildi. 

Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер