Xorazm viloyatida “Xavfsiz bolalik” konsepsiyasi ishlab chiqildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Oʻquvchi-yoshlar ishtirokidagi yoʻl-transport hodisalarining va turli xildagi huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida Xorazm viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan “Xavfsiz bolalik” konsepsiyasi ishlab chiqildi.
Unda belgilangan chora-tadbirlar doirasida qisqa muddatda viloyatdagi umumtaʼlim maktablariga tutash avtomobil yoʻllariga 150 ta sunʼiy notekisliklar, 316 ta videokuzatuv moslamalari, 215 ta tezlikni cheklovchi yoʻl belgilari, 478 ta “tashvish tugmalari” oʻrnatildi. Maktablarda oʻquvchilarga yoʻl harakati xavfsizligi qoidalarini oʻrgatish boʻyicha maxsus maydonchalar tashkil qilinyapti.
Yomon xulq-atvorli, ota-ona nazoratida boʻlmagan va huquqbuzarlikka moyilligi boʻlgan bolalar bilan individual tartibda shugʻullanish, ularni voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazida “Xavfsiz bolalik” konsepsiyasi boʻyicha tarbiyalash ishlari yoʻlga qoʻyildi. Bundan tashqari yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish, ularning bekorchilikdan turli yot gʻoyalar taʼsiriga tushib qolishining oldini olish maqsadida maktablarda xorijiy tillarni va turli kasblarni oʻrganish boʻyicha toʻgaraklar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Umumtaʼlim maktablarida kasbga oʻrgatish boʻyicha maxsus xonalarni zarur jihozlar bilan taʼminlash uchun mahalliy byudjetdan 20 mlrd. soʻmdan ziyod mablagʻ sarflandi.
Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring