Xorazm viloyatida eskirgan transformatorlar oʻrniga yangisi oʻrnatilmoqda
Foto: Xalq so'zi
Xorazm viloyatidagi mahallalarning elektr energiyasi taʼminotini yaxshilash maqsadida “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining viloyat hududiy filialiga 16 dona zamonaviy transformator yetkazib berildi. Ushbu qurilmalar joylarda past kuchlanishli elektr tarmoqlarida modernizatsiya va rekonstruksiya ishlarini samarali tashkil etish imkonini beradi.
— Keyingi yillarda kondensioner, kir yuvish mashinasi, kompyuter, mikrotoʻlqinli pech kabi maishiy texnika vositalari kundalik turmushimizda keng qoʻllanilmoqda va bu elektr energiyasiga boʻlgan talabni sezilarli darajada oshishiga olib kelmoqda , — deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining Xorazm hududiy filiali rahbari Suhrob Beregin. — Elektr energiyasi isteʼmolining ortishi esa transformator punktlarida ortiqcha yuklamalarni vujudga keltiradi. Tarmoqlardagi eskirgan qurilmalar esa elektr sarfini oshishiga sabab boʻladi. Yangi transformatorlarning oʻrnatilishi hisobiga isteʼmolchilarni elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash va muayyan miqdordagi energiya resurslarini tejash, qish mavsumida ortiqcha kuchlanishlarning oldini olish imkoniyatini yaratadi.
Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring