Xonadonda ishlab chiqarilgan mahsulot eksport qilinmoqda
Foto: Xalq so‘zi
Andijon viloyatida mahallalarda hunarmandchilikni rivojlantirish orqali uy sharoitida daromad topish imkoni yaratilyapti. Bu esa, yangi ish oʻrinlarini tashkil etish, aholini ish bilan taʼminlash va daromadga yoʻnaltirish, hatto eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda. Misol uchun, Andijon tumanidagi Chavkan daryo mahallasida bugungi kunga kelib ishsiz fuqaroning oʻzi qolmadi. Boisi, bu yerda deyarli har bir xonadonda, yigʻchilik, yaʼni yogʻochdan turli buyumlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan.

— Bundan uch yil oldin 10 mln. soʻm mablagʻ hisobiga yangi dastgoh sotib olib, oʻz uyimda yogʻochdan turli mahsulotlar ishlab chiqarishni boshladim, — deydi shu mahallada istiqomat qiluvchi hunarmand Dostonbek Usmonov. — Yil yakuniga kelib 65 mln. soʻm daromad topdim va “Damas” avtomashinasini sotib oldim. Bugungi kunga kelib ishchilarimiz soni 11 nafarga yetdi. Ularning mehnati bilan bir oyda 40 turdagi 100 mln. soʻmlik mahsulot ishlab chiqarmoqdamiz. Nafaqat, qoʻshni viloyatlar, balki, qoʻshni davlatlardan ham xaridorlarimiz mavjud.
Hozirda ushbu mahalladagi 54 ta xonadonda yogʻochdan buyumlar ishlabchiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Har bir oila bir yilda oʻrtacha 20-25 mln. soʻmdan daromad topmoqda.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring