Xizmat koʻrsatish sohasi: iqtisodiyot rivojlanishi va yangi ish oʻrinlari yaratilishiga keng yoʻl ochadi
Yangi ish oʻrinlari yaratish, aholi bandligini taʼminlash va daromadlarini oshirishda xizmat koʻrsatish va servis sohasining alohida oʻrni bor. Bu sohada yangi ish oʻrinlarini kam xarajat bilan va qisqa muddatda tashkil etish mumkin. Chunki mamlakatimizda bu tarmoqni rivojlantirish imkoni katta boʻlib, u ortiqcha mablagʻ talab etmaydi.
Hozirgi kunda xizmatlar sohasi iqtisodiyotning tez rivojlanuvchi tarmoqlari boʻlib, u Oʻzbekiston iqtisodiyotini taraqqiyotini belgilovchi yangi yoʻnalish sifatida namoyon boʻlmoqda. Xizmatlarning xilma-xil yangi turlari kengayib, xizmatlar bozorida salmoqli oʻrinni egallab borayotgan bank-moliya, turizm, sugʻurta, axborot-kommunikatsiya xizmatlari va boshqalarni rivojlantirish hisobiga yangi ish oʻrinlari barpo etilmoqda.
Prezidentimiz raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida hududlarda xizmat koʻrsatish sohasi yoʻnalishlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilinib, sohaga doir har bir loyiha ijrosini nazoratga olib, tadbirkorlarga koʻmaklashish, yangi loyihalarni shakllantirib borish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berilgani bejiz emas, albatta.
Tan olish kerak, bugun joylarda aniq metodologiya yaratilmagan. Sektor rahbarlarining eʼtiborsizligi oqibatida koʻrsatilayotgan xizmatlar hajmi, obyektlar sonini aniqlash va hududlar salohiyatini toʻgʻri baholashning imkoni yoʻq. Shu bois, yigʻilishda mutasaddi vazirliklarga oʻz yoʻnalishida xizmatlarni rivojlantirish boʻyicha hudud rahbarlari bilan birdek ishlab, natijadorlik uchun javob berishi belgilandi.
Har oyning oxirgi haftasida hududlarni rivojlantirish boʻyicha belgilangan vazifalarning bajarilish holatini oʻrganish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida hududlarda boʻlganimizda tadbirkorlar tomonidan yangi xizmat turlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻplab murojaatlar boʻladi. Bu yoʻnalishdagi yutuqlar bilan birga, yechimini kutayotgan masalalar ham mavjud ekani koʻzga tashlanadi.
Masalan, aholining poyabzal va charm buyumlari, maishiy texnikani taʼmirlash, kompyuter xizmatlari, shuningdek, sartaroshxona va goʻzallik salonlari kabi xizmat koʻrsatish va servisdan foydalanish imkoni hamma joyda bir xil darajada emas. Birgina Andijon viloyatining Shahrixon, Asaka tumanlarida poyabzal taʼmirlash ustaxonasi, sartaroshxona, fotosalon, kiyimlarni kimyoviy tozalash boʻyicha xizmat koʻrsatish shoxobchalariga ehtiyoj seziladi.
Shu jihatdan biz joylarda saylovchilar bilan uchrashuvlarimiz davomida mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlarimiz, partiya faollarimiz bilan aholining xizmat koʻrsatish va servisga ehtiyojini tahlil etib, sohani rivojlantirish boʻyicha hududiy dasturlar ishlab chiqilishiga qaratilgan amaliy takliflarni kiritishimiz, ijro hokimiyati eʼtiborini bu masalaga qaratishimiz lozim. Agar viloyat, tuman, shahar hokimlari xizmat koʻrsatish va servisni rivojlantirish ishiga munosib hissa qoʻshsalar hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasi yaxshilanadi, yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Aslida bugungi islohotlardan koʻzlangan asosiy maqsad ham shu emasmi!?
Yigʻilishda xususiy sektor tomonidan hali keng qamrab olinmagan xizmatlar sifatini oshirish, ularni koʻpaytirish, har bir tumanda yoʻlga qoʻyish boʻyicha ham aniq topshiriqlar berildi. Ushbu vazifalardan kelib chiqqan holda bor kuchimizni xususiy mulkning daxlsizligini taʼminlashga, aholini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, servis xizmatini yaxshilashga safarbar etamiz. Asosiy maqsadimiz ham iqtisodiyotning eng muhim tuzilmaviy sektori boʻlgan, ichki bozorni zarur tovarlar va xizmatlar bilan toʻldiruvchi xususiy tadbirkorlik, kichik biznes va fermerlik harakatiga imtiyoz va preferensiyalar berishdir.
Muxtasar aytganda, xususiy tadbirkorlik, ayniqsa xizmat koʻrsatish sohasi subyektlari jamiyat taraqqiyotining barcha jabhalarida ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni taʼminlovchi asosiy omillardan biridir. Ushbu sohaning rivojlanishi mamlakat aholisi boyishiga, iqtisodiyot rivojlanishiga va davlat byudjeti tushumlari koʻpayishiga olib keladi.
Odinaxon Otaxonova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring