Xizmat koʻrsatish sohasi – iqtisodiyot “drayveri”

16:55 28 Yanvar 2022 Jamiyat
1295 0

Foto: Халқ сўзи

Fargʻona viloyatida 2021-yil yakuni bilan jami xizmatlar hajmi 17,8 trln soʻmni tashkil etib, 2020-yilga nisbatan oʻsish 120 foiz boʻldi va bu respublika koʻrsatkichidan ham yuqorilagani alohida eʼtirofga loyiq.

Xizmatlar sohasining yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 37 foizga yetib, 1,8 trln. soʻmlik 5 ming 802 ta yangi loyiha ishga tushirildi. Ushbu loyihalar doirasida mobil xizmat (fud trak), aholiga oziq-ovqat yetkazib berish, transport vositalari ijarasi, onlayn kredit kabi jahon andozalariga mos xizmat turlari hayotga tatbiq etildi.

— Xizmat koʻrsatish sohasida qariyb 25 mingta yangi ish oʻrinlari yaratildi va viloyatda ish bilan band aholining 48,1 foiz ulushi ushbu sohaga toʻgʻri kelmoqda, — deydi Fargʻona viloyati iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish bosh boshqarmasi Xizmatlar sohasini rivojlantirish va isteʼmol tovarlari narxini monitoring qilish va innovatsiyalar boʻlimi boshligʻi Abrorjon Xoliqov. — Aytish kerakki, ayniqsa, sogʻliqni saqlash, transport, taʼlim va moliyaviy xizmatlar jadal rivojlanyapti.

Fargʻona va Qoʻqon shahri, Quva, Rishton va Beshariq tumanlarida loyiha-tahlil markazlari tashkil etilib, biznes-rejalar ishlab chiqish, kasbiy koʻnikmalarni shakllantirish va tadbirkorlikni boshlashgacha boʻlgan barcha jarayonni qamrab olgan kompleks xizmatlar yoʻlga qoʻyildi.

Viloyat shahar-tumanlarida 27 ta koʻcha tanlab olindi va savdo hamda dam olish markazlari tashkil etildi. Misol uchun, Fargʻona shahrining “Ibrat” MFY hududida yangi koʻp qavatli uylarning birinchi qavatida 25 ta 24/7 rejimida ishlaydigan xizmat koʻrsatish va savdo shoxobchalari ish boshladi. Bu majmuani ishga tushirish uchun tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan 30 mlrd. soʻmdan ziyod mablagʻ sarflandi. Yuzdan ortiq kishi bandligi taʼminlandi.

Umuman olganda, oʻtgan yili viloyatda aholiga sifatli servis va savdo xizmatlarini yoʻlga qoʻyish maqsadida 29 ta yirik savdo kompleksi va supermarketlar ishga tushirilishi natijasida 800 nafardan koʻproq yigit-qizlar muqim ish oʻrniga ega boʻldilar.

Dangʻara tumanining “Teleming” MFYda istiqomat qiluvchi tadbirkor Zarifjon Ziyayev 4 mlrd. soʻm mablagʻ sarflab, davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida zamonaviy loyiha asosida mahalla binosi qurib berdi. Majmuada 180 oʻrinli tikuv va toʻquvchilik sexi, kitob, savdo doʻkonlari, omuxta yem, atomobillarga texnik xizmat koʻrsatish, yuvish shoxobchalari foydalanishga topshirildi. Ushbu shohobchalarda 250 nafar mahalla yoshlari doimiy ishga jalb qilindi.

Turizm salohiyatini oshirish maqsadida 2021-yili viloyatda 21 ta mehmonxona, koʻngilochar maskan va restoranlar barpo etildi. “Turizm mahallasi” tashkil etish boʻyicha Fargʻona tumanining soʻlim “Avval” MFYda belgilangan ishlar yakuniga yetmoqda. 2023-yilgacha Fargʻona tumaniga qarashli, tabiati dilkusho “Vodil” MFY, Oltiariq tumanida joylashgan sanatoriy-kurortlar maskani va “Qiziltepa” MFYda turizm mahallalari faoliyatini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. Fargʻona, Oltiariq va Beshariq tumanlarida yaqin ikki yilda 4 ta, 2026-yilga qadar 20 ta sogʻlomlashtirish sihatgohlari, koʻngilochar maskanlar foydalanishga topshiriladi.

Hozirgi kunda viloyatning 4 ta diqqatga sazovor joyi va madaniy meros obyektlarida ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida mukammal taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Bu borada Rishton tumanidagi Xoʻja Rushnoiy ziyoratgohi 1,5 mlrd. soʻm mablagʻ evaziga toʻliq rekonstruksiya qilinib, yiliga 120 ming mahalliy va xorijlik sayyohlarni qabul qila oladigan majumaga aylantirildi. Ziyoratchilarga qulaylik yaratish uchun majmuada kutubxona, hordiq xonalari ham qurildi.

Har qanday sohada boʻlgani kabi xizmat koʻrsatishni ham jahon andozalariga olib chiqish va zamon talablariga hamohang rivojlantirishni malakali kadrlarsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Xuddi shunday, Fargʻona viloyatida ham Margʻilon turizm va servis kollejida 4 ta yoʻnalishda mutaxassislar tayyorlanayotganini aytib oʻtish oʻrinlidir.

Oʻtgan yili yoʻl boʻylari infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida “Toshkent–Oʻsh” xalqaro avtomagistralida joylashgan Dangʻara, Yozyovon tumanlaridan oʻtuvchi yoʻl atrofida yuzta xizmat koʻrsatish loyihasi amalga oshirilib, 250 dan ortiq ish oʻrinlari yaratildi. Yoʻl boʻylaridagi qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan 14,3 gektar yer maydonlariga 459 ta lotlar roʻyxati shakllantirilib, auksion savdolariga chiqarildi. Shu kunga qadar 61 ta yer maydonlari tadbirkorlarga sotildi va 43 ta xizmat koʻrsatish obyektlari barpo etilmoqda. Shuningdek, “A-373” avtomobil yoʻlining Bagʻdod-Yozyovon tumanlari yoʻnalishida 3 gektar yer “Ye-Auksion” tizimi orqali sotuvga qoʻyildi. Tashabbus doirasida 200 tadan koʻproq loyihalarni amalga oshirish maqsad qilingan.

Joriy yilda esa viloyatda “mahallabay” ishlash tizimi orqali hududlar kesimida 5 ming 800 ga yaqin xizmat koʻrsatish shoxobchalari tashkil etish boʻyicha manzilli roʻyxat shakllantirildi. Bu loyihalar hayotga tatbiq etilishi natijasida 30 mingdan ziyod yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Bunda asosiy eʼtibor “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan fuqarolar bandligini taʼminlashga qaratilishi yana bir muhim jihatdir.

— Bu yil viloyatga 300 ming xorijiy, 900 ming mahalliy sayyohlarni jalb etish moʻljallanmoqda, — deydi Fargʻona viloyati turizm va sport boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Muzaffar Temirov. — Sayyohlar qamrovini kengaytirish maqsadida xizmat koʻrsatish sohasini milliy qadriyatlar, jahon andozalari asosida jadal rivojlantirishni maqsad qilganmiz.

Aytganday, Fargʻonada tibbiyot turizmini ham yaxshilash masalasiga urgʻu berilmoqda. Bu borada 20 ta yirik loyihani amaliyotga yoʻnaltirish koʻzda tutilyapti. Jumladan. Fargʻona shahrida joylashgan “Biotest medical” MCHJ tomonidan tibbiyot klasteri faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Tibbiyot klasteri tasarrufida tez tibbiy yordam, laboratoriya, ambulator xizmat, statsionar xizmatlar va koʻp tarmoqli poliklinika tashkil etiladi.

Xullas, 2022-yilda Fargʻona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida xizmat koʻrsatishni iqtisodiyotning “drayveri”ga aylantirish uchun aniq manzilli, mohiyatan dolzarb vazifalar belgilangan. Ularning izchil ijrosi, tabiiyki, viloyatda soha rivoji uchun mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishga zamin yaratadi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер