Xivada qovun sayli boshlandi
Odilbek Odamboyev/“Xalq soʻzi”. Qadimiy va navqiron Xivada har yili ayni pishiqchilik mavsumida oʻtkaziladigan anʼanaviy “Qovun sayli” festivali boshlandi.

Festivalning tantanali ochilish marosimida Xorazm viloyati hokimi, Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi raisi tadbir ishtirokchilarini samimiy tabriklab, Xorazm qovunlarining tarixi va viloyatda qovunchilikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar xususida toʻxtaldi.

Ushbu nufuzli madaniy tadbirda AQSH, Xitoy, Germaniya davlatlarining mamlakatimizdagi elchilari, diplomatik korpus vakillari, chet ellik sayyohlar, madaniyat va sanʼat namoyandalari ishtirok etmoqda. Barcha shahar va tumanlar oʻziga ajratilgan pavilyonlarni bayramona bezatib, oʻz hududlarida yetishtirilgan shirin-shakar qovunlarning koʻrgazma savdosini tashkil qildi.

Uch kun davom etadigan festivalda konsert dasturlari, tasviriy va amaliy sanʼat asarlari namoyishi, hunarmandchilik mahsulotlari va milliy liboslar koʻrgazmalari, dorboz oʻyinlari, teatrlashtirilgan sahna koʻrinishlari va qoʻgʻirchoq teatri tomoshalari, milliy taomlar va Xorazm nonlarini tayyorlash boʻyicha mahorat darslari, badiiy jamoalar va folklor guruhlarining jonli ijrodagi chiqishlari hamda boshqa madaniy tadbirlar boʻlib oʻtadi.




Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring