Xiva shahrida “Qovun sayli” xalqaro festivali oʻtkaziladi
Foto: “Xalq soʻzi”
Shu yilning 12-13-avgust kunlari qadimiy va navqiron Xiva har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “Qovun sayli” xalqaro festivaliga mezbonlik qiladi.
Madaniyat vazirligi, Turizm qoʻmitasi hamda Xorazm viloyati hokimligi hamkorligida oʻtkazilayotgan ushbu tadbirdan koʻzda tutilgan maqsad Xorazmning agroturizm salohiyatini keng targʻib etish, ichki va tashqi turizmni rivojlantirishdan iboratdir.
Qovun saylida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar, Xorazm viloyatining barcha shahar va tumanlari oʻzlariga ajratilgan pavilyonlarni bayramona bezatib, oʻz hududlarida yetishtirilgan shirin-shakar qovunlarning koʻrgazma savdosini tashkil qiladilar.
— Festival doirasida konsert dasturlari, tasviriy va amaliy sanʼat asarlari namoyishi, hunarmandchilik mahsulotlari va milliy liboslar koʻrgazmalari tashkil etish rejalashtirilgan,—deydi Xorazm viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari Botir Saidov. — Shuningdek, festival kunlari milliy qadriyat va anʼanalarimizni keng targʻib etish maqsadida dorboz oʻyinlari, teatrlashtirilgan sahna koʻrinishlari, qoʻgʻirchoq teatri tomoshalari, milliy taomlar va Xorazm nonlarini tayyorlash boʻyicha mahorat darslari oʻtkaziladi.
Oʻz navbatida viloyatda faoliyat koʻrsatayotgan badiiy jamoalar va folklor guruhlarining jonli ijrodagi chiqishlari hamda boshqa madaniy tadbirlar boʻlib oʻtadi.
Odilbek ODAMBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring