Xitoyning 19 ta kompaniyasi Yevropada sanksiyaga uchradi. Ularning “gunohi” nima?
Yevropa Ittifoqi Xitoyning 19 ta kompaniyasiga sanksiya kiritdi. Bu haqda “France 24” nashri xabar bermoqda.
Rossiyaning Ukrainadagi urush harakatlarini qoʻllab-quvvatlaganlikda ayblanayotgan bu shirkatlar Yevropa Ittifoqining Moskvaga qarshi sanksiyalarining 14-toʻplamining bir qismi sifatida rasmiylashtirilgan. Shu tariqa, YEI tomonidan sanksiya qoʻyilgan firmalarning umumiy sonini 675 taga yetdi.
Kompaniyalar Rossiya harbiy-sanoat kompleksiga yordam berishda ayblanmoqda. Roʻyxatga Gonkongning bir nechta firmalari kiritilgan. Xitoy bu ayblovlarni yolgʻon maʼlumotlarga asoslanganligini taʼkidlab, rad etadi.
Sanksiyalangan XXR kompaniyalar orasida sunʼiy yoʻldosh sanoatining asosiy ishtirokchilari ham bor. “Beijing Yunze Technology Co Lt” va “Chang Guang Satellite Technology” kompaniyalari Rossiyaning “Vagner” yollanma guruhi bilan 2022-yilning noyabrida 30 million dollardan ortiq boʻlgan muhim bitim tuzishgan.
Bundan tashqari, boshqa sunʼiy yoʻldosh tasvirlari provayderi “Head Aerospace Technology” sanksiyaga uchradi. Bu kompaniya 2023-yilda ham xuddi shunday sabablarga koʻra AQSHning sanksiyalar roʻyxatiga kiritilgan edi. Yevropa Ittifoqining yangi sanksiyalari Turkiya, Qirgʻiziston, Hindiston, Qozogʻiston va BAA kompaniyalariga ham tegishli.
Xitoy rasmiylari Yevropa Ittifoqining daʼvolarini asossiz ekanligini aytishmoqda. Vaziyat Xitoy va Gʻarb davlatlari oʻrtasidagi munosabatlarni keskinlashtirib yuborishi mumkin.
YEI davlatlari Pekin bilan nafaqat bu borada kelisha olishmayapti, balki kosmosni tadqiq qilishdagi “poyga”da ham ortda qolayotganidan “alam”da deyish mumkin. Shu sababli ham ittifoq hududida Xitoy tovarlariga ortiqcha bojlar joriy qilingani haqda xabar bergan edik.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring