Xitoylik mutaxassislar Yozyovon tumani aholisining turmush sharoitini yaqindan oʻrganmoqda
Foto: Xalq so‘zi
Maʼlumki, shu yilning yanvar oyida Xitoy tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Ma Chjao Syuy va Oʻzbekistonning Xitoydagi favqulodda va muxtor elchisi Farhod Arziyev oʻrtasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda kambagʻallikni qisqartirish dasturlari borasida mamlakatimizga xitoylik mutaxassislarni maslahatchi sifatida jalb etishga kelishib olingandi.
Ayni kunlarda yurtimizda boʻlib turgan xitoylik ikki nafar tajribali olim-mutaxassis tomonidan Fargʻona viloyatining Yozyovon tumanida oʻrganish ishlari olib borildi.
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 30-dekabrdagi «Respublika hududlarini toifalarga ajratish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashning tabaqalashtirilgan tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmoniga koʻra, 2023-yil 1-yanvaridan boshlab, Oʻzbekistondagi barcha — 208 ta tuman va shahar iqtisodiy ahvolidan kelib chiqib 5 ta toifaga ajratildi. Toifaga qarab bu tumanlarga soliq imtiyozlari, subsidiya ajratish tartibi va tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash choralari belgilandi.
Yozyovon tumani esa koʻrsatilgan mezonlarga asosan beshinchi toifaga kiritilgan boʻlib, hududni har tomonlama rivojlantirish kun tartibidagi muhim masalaga aylangan.
Xitoylik mutaxassislar kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri oʻrinbosari Jamshid Abruyev hamrohligida tumanning «Soyyoni» MFYda Akbarali Karimov xonadonida tashkil etilgan limonchilik va asalarichilik maktabi faoliyati bilan tanishdi hamda oila daromadi manbalari bilan qiziqdi.
Taʼkidlash oʻrinliki, ushbu mahallada deyarli barcha xonadonlarda limon yetishtiriladi. Shu mahallada yashovchi Imyamin Jalilov tomonidan 30 million soʻm bank krediti evaziga qurilgan issiqxonada boʻlgan mehmonlar ushbu oila yerdan unumli foydalanayotganini eʼtirof etishdi. Shuningdek, xitoylik mutaxassislar Mashrabjon Joʻrayev, Ismoiljon Abdurahmonov xonadonlarida ham boʻlib, ularning turmush tarzi va daromadlarini oʻrganishdi.
«Toshhovuz» MFYda joylashgan “FAR YOZ INNOVASTIYA” MCHJda barpo etilgan issiqxonalarda kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlash uchun kam taʼminlangan oilalarga ijara shartnomasi asosida 15-20 sotixdan yer berilgan. Hozirda mazkur issiqxonalarga eksportbop achchiq qalampir koʻchatlari ekilyapti.
— Uch yuz nafar ijarachilar uchun qalampir koʻchati toʻliq shu yerning oʻzida yetishtirib beriladi,-deydi Yozyovon tumani hokimi Dilshodjon Jalilov. — Shu tariqa koʻchat yetishtirishdan tortib, sotishgacha boʻlgan barcha jarayon qamrab olingan. Aytgancha, 2022-yili Fargʻona respublikada xorijga eng koʻp qalampir eksport qilgan viloyat boʻldi. Tumanda ushbu tarmoqni rivojlantirishga bejizga jiddiy eʼtibor qaratilayotgani yoʻq. Shunisi aniqki, xitoylik mutaxassislar koʻmagida Yozyovon tumanini beshinchi toifadan chiqarish yoʻlida astoydil izlanish ishlarini olib boramiz. Aholining turmush darajasi va farovonligini yuksaltirishda faol hamkorligimiz kutilgan samarani beradi, albatta.
Botir Madiyorov, «Xalq soʻzi».
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring