Xitoylik hamkorlar bilan istiqbolli loyihalar boʻyicha kelishuvga erishildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya jalb qilish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish maqsadida Sirdaryo viloyati hokimi oʻrinbosari boshchiligidagi delegatsiya ayni kunlarda xizmat safari bilan Xitoy Xalq Respublikasining Tiandzin shahrida boʻlib turibdi.
Safarning birinchi kunida Tiandzin ilm fan va texnologiyalar universiteti texnoparki hamda unda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishildi.

Soʻngra xitoylik tadbirkorlar bilan qator samarali uchrashuvlar oʻtkazildi. “G2B” va “B2B” shaklidagi muzokaralar davomida tomonlar oʻzaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli loyihalari va dasturlarini tayyorlash masalalarini koʻrib chiqishdi.

Bundan tashqari, ishbilarmonlar bilan Sirdaryo viloyatidagi erkin iqtisodiy, shuningdek, kichik va yoshlar sanoat zonalari boshqaruviga Xitoy tajribasini joriy etish, xorijiy kompaniyalarni jalb qilish uslublarini amalda qoʻllash borasida fikr almashildi.
Yakuniy kelishuvlarga koʻra, Guliston shahrida biologik qoʻshimchalar, Yangiyer shahrida ozuqa mahsulotlari, goʻdaklar uchun maxsus qorishmalar ishlab chiqarish boʻyicha qiymati 27 million AQSH dollarlik loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring