Xitoyda boʻlib oʻtgan tadbir sayyohlik sohasidagi oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga bagʻishlandi
Mamlakatimizning Pekindagi elchixonasida Xitoy sayyohlik kompaniyalari bilan turizm sohasidagi oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Tadbirda “China SWAN International Tours”, “CYTS International Travel”, “The Silk Road Culture Exibition Tour” sayyohlik kompaniyalarining rahbarlari va vakillari ishtirok etishdi.
Davra suhbati chogʻida Xitoy tomoni vakillari hukumatimiz tomonidan soʻnggi yillarda turizm jabhasini rivojlantirish borasida hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar, xususan, Oʻzbekistonning boy sayyohlik salohiyati, gastronomik va ekologik turizm sohasidagi imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirildi. Shu oʻrinda hozirgi kunda Oʻzbekistonga kirishi uchun 91 xorijiy davlat fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etilganiga eʼtibor qaratilar ekan, 2021-yilning 1-martidan boshlab xitoyliklar uchun Oʻzbekistonda 10 kungacha vizasiz boʻlish tizimi joriy qilingani qayd etildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida barcha sohalardagi hamkorlik, xususan, savdo-iqtisodiy, madaniy va turizm yoʻnalishidagi aloqalar kun sayin rivojlanib borayotgani taʼkidlandi. Ikki mamlakat oʻrtasida yoʻlga quyilgan aviaqatnovlar tomonlar manfaatiga birdek xizmat qilayotgani taʼkidlandi.
Davra suhbati davomida xitoylik hamkorlar bilan mamlakatimiz boʻylab yangi sayyohlik yoʻnalishlarida yakka tartibdagi va uyushgan turizm koʻlamlarini kengaytirish, ularni yanada samarali tashkil etish bilan bogʻliq masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring