Xitoyda bitta bemorni koronavirus bilan davolash oʻrtacha 3 ming dollar, ahvoli ogʻir bemorni davolash 21 ming dollardan ortiq ekan. Shu rostmi? Oʻzbekistonda-chi?

15:26 19 Aprel 2020 Jamiyat
6552 0

Bugun AOKA huzuridagi shtabda Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash shtabi aʼzosi Habibulla Oqilov ishtirokida brifing oʻtkazildi.

Brifingda muhim savol va murojaatlar yuzasidan javob qaytarildi.

Savol: Virusning yengil yoki ogʻir kechishi qondagi rezus-faktorga bogʻliqmi?

Javob: Yoʻq, qon guruhi va rezus-faktorga kasallik kechishining aloqasi yoʻq.

Savol: Shu paytga qadar qancha odam koronavirusga tekshirildi?

Javob: Ayni paytgacha 100 mingdan ortiq inson koronavirus boʻyicha testdan oʻtkazildi. Yaqin vaqt ichida ushbu raqamlar yarim millionga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Savol: Aytishlaricha, Xitoyda bitta bemorni koronavirus bilan davolash oʻrtacha 3 ming dollar, ahvoli ogʻir bemorni davolash 21 ming dollardan ortiq ekan. Bu rostmi?

Javob: Har xil davlatlarda bu raqamlar har xil talqin etilmoqda. Haqiqatan ham bu diagnoz bilan davolanish, ayniqsa reanimatsion holatlarda arzon boʻlishi mumkin emas. Biroq Oʻzbekistonda koronavirus bilan bogʻliq boʻlgan barcha xarajatlar davlat tomonidan qoplanadi. Bemor va barcha karantin zonalarida karantinda saqlanuvchi fuqarolarimiz uchun bepul.

Savol: Vrach akusher-ginekologman. 18-aprelda mutaxassisligim boʻyicha attestatsiyadan 5 yil oʻtgani tufayli qayta oʻtishim kerak edi. Karantin tufayli Toshkentga bora olmayman. Buxgalteriya toifa muddati tugashi haqida xabar qilyapti. Bu qanday boʻladi?

Javob: Karantin davrida barcha toifalar muddati uzaytiriladi va toifaga bogʻliq boʻlgan toʻlovlar toʻlanishi davom etaveradi. Toifaga attestatsiya karantindan soʻng topshiriladi.

Savol: Yetkazib berish xizmatida haydovchiman. Har gal “GAI” xodimlari toʻxtatganda hujjatlarni qoʻliga olib tekshiradi. Birida qoʻlqop (perchatka) bor, birida yoʻq. Koronavirus qogʻoz va plastikda bir necha kun yashashi toʻgʻrisida maʼlumotlar bor. YPX xodimlari oʻzi tarqatuvchi boʻlib qolmaydimi? 

Javob: Siz YPX xodimlariga hujjatlaringizni ochiq ravishda, qoʻliga bermasdan koʻrsatishingiz mumkin. Har gal hujjatlarni qoʻlga olgandan soʻng qoʻllaringizni tarkibida spirt boʻlgan dezinfeksiya vositalari bilan ishlov bering.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер