Xitoy tilida tayyorlangan risola taqdimoti boʻlib oʻtdi

19:57 27 Aprel 2022 Siyosat
820 0

Pekindagi SHHT kotibiyatida Oʻzbekistonning Xitoy Xalq Respublikasidagi elchixonasi tomonidan xitoy tilida tayyorlangan “Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi” nomli risolaning taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Tadbir Oʻzbekiston Respublikasining SHHTga raisligi doirasida Oʻzbekistonning XXRdagi diplomatik vakolatxonasi hamda SHHT kotibiyati va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan birgalikda tashkil etildi.

Taqdimotda SHHT Bosh kotibi Chjan Min, tashkilotga aʼzo davlatlarning Xitoydagi diplomatik missiyalari vakillari, kuzatuvchi davlatlar, tashkilot hamkorlari, shuningdek, Xitoyning yetakchi tahliliy markazlari ekspertlari ishtirok etdi.

Ishtirokchilar Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasining asosiy ustuvor yoʻnalishlari, xususan, uning maqsad va vazifalari bilan tanishishdi.

Muloqot chogʻida asosiy urgʻu Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida keyingi yillarda erishilgan natijalar hamda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaratildi.

Xitoylik mutaxassislarning taʼkidlashicha, ushbu risola MDH hamda Markaziy Osiyo davlatlarining rivojlanish islohotlari natijasida xitoy tilida chop etilgan birinchi asardir.

Taqdimot chogʻida Chjan Ming Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi oʻzbek xalqining orzu-intilishlarini aks ettirgani, mamlakatning rivojlanish yoʻlida katta maqsad hamda kuchli iroda bilan odimlab borayotganini alohida taʼkidlab oʻtdi. SHHT Bosh kotibi, shuningdek, Taraqqiyot strategiyasi nafaqat ijtimoiy sohani, balki iqtisodiy yoʻnalishni ham rivojlantirishda muhim oʻrin kasb etishini qayd etdi.

«Prezident Shavkat Mirziyoyev haqiqatda tarixiy islohotlarni amalga oshirmoqda. Oʻzbekistonning ochiq va shaffof tashqi siyosati mamlakatning jahon miqyosidagi obroʻ-eʼtiborini oshirishga va xalqaro hamkorlikni faollashtirishga hissa qoʻshmoqda, shu oʻrinda SHHT doirasida ham.

Oʻzbekiston SHHT doirasidagi faoliyati davomida tashkilotga aʼzo davlatlar hududida taraqqiyot, tinchlik va barqarorlikni taʼminlashda muhim rol oʻynamoqda. Oʻzbekiston SHHTda koʻrib chiqiladigan masalalarning kun tartibini boyitish, tashkilot nufuzi va xalqaro munosabatlar tizimidagi rolini oshirishga xizmat qiluvchi koʻplab muhim tashabbuslarni ilgari surmoqda» – deydi Chjan Min.

Chjan Min Oʻzbekistonning SHHTga raisligini yuqori baholab, tashkilotga aʼzo davlatlar tomonidan qizgʻin qoʻllab-quvvatlanayotgani Toshkentning faol saʼy-harakatlari SHHT sammitining Samarqand shahrida muvaffaqiyatli oʻtishi uchun zarur shart-sharoit yaratayotganini alohida taʼkidladi.

«Oʻzbekistonga borishni va mamlakatdagi yangi oʻzgarishlarga shaxsan guvoh boʻlishni intiqlik bilan kutyapman», – deydi Bosh kotib.

Xitoylik ekspertlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning amalga oshirayotgan islohot dasturini yuqori baholab, dastur, bir tomondan, mamlakatni modernizatsiya qilish vazifasini oʻz ichiga olgan boʻlsa, ikkinchi tomondan, oʻzbek xalqining tarixiy, maʼnaviy va madaniy qadriyatlarini saqlab qolishni mujassam etadi. Bundan tashqari, iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va oʻzgartirish ham chuqur oʻylangan ijtimoiy siyosat bilan bogʻliqdir.

Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi huzuridagi Yevropa va Osiyo ijtimoiy taraqqiyot instituti direktori Li Yunsuan 2017-yili Oʻzbekistonda amalga oshirilgan islohotlar hozir oʻzining amaliy natijalarini berayotganini, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va odilona siyosati jahon hamjamiyatining keng eʼtirofiga sazovor boʻlayotganini taʼkidladi.

Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi Harakatlar strategiyasining mantiqiy davomidir. Li Yunsuanning nazarida Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi mamlakatning bunyodkorlik salohiyati asosida belgilangan yanada yuksak maqsadlar koʻzlagan boʻlib, koʻp oʻzgarishni oʻz ichiga oladi.

Xitoy Zamonaviy xalqaro munosabatlar akademiyasi Yevroosiyo instituti direktori Din Syaosinning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston taraqqiyotining oldingi besh yillik bosqichi misli koʻrilmagan oʻzgarishlar va innovatsion islohotlar davri boʻldi. Oʻzbekistonda biror-bir rivojlanmagan soha qolmadi.

Xitoylik ekspertlarning qayd etishicha, Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi ana shu oʻzgarishlarning amaliy davomi boʻlib, ushbu strategiya yordamida biz Oʻzbekistonning yangi davrga qadam qoʻyishining guvohi boʻlamiz.

Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi qoshidagi Xitoy va Rossiya oʻrtasidagi strategik hamkorlik kengashi direktori oʻrinbosari Su Channing fikricha, soʻnggi 5 yil ichida Oʻzbekiston amalga oshirgan iqtisodiy islohotlar yordamida sezilarli natijalarga erishdi. Taraqqiyot strategiyasi yordami bilan Oʻzbekiston Respublikasi butun Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng barqaror davlat va iqtisodiy oʻsishning drayveriga aylandi.

Oʻzbekiston oʻzgarishlarning navbatdagi bosqichi – Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish bosqichiga kirishdi. Bu, aslida, Prezident Shavkat Mirziyoyevning oʻz mamlakati kelajakdagi taraqqiyoti borasidagi oqilona va keng koʻlamli qarashidir.

Umuman olganda, “Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi” nomli risolaning taqdimoti Xitoy siyosiy ekspert doiralari vakillarida mamlakatimizdagi zamonaviy islohotlarni chuqurroq oʻrganish istagi paydo boʻlganini koʻrsatdi. Ularning fikricha, Oʻzbekistondagi oʻzgarishlar Markaziy Osiyoda, ayniqsa, qoʻshni mintaqa va butun dunyoda yuzaga kelayotgan bosim va kutilmagan holatlar fonida “barqarorlashtiruvchi” davlat rolini oʻynaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер