Xazoraspda DXMning yangi binosi ishga tushirildi
Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida davlat xizmatlari markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Endilikda markazga tashrif buyuruvchilarga keng va yorugʻ, shinam xonalarda qulay sharoitlarda xizmat koʻrsatiladi. Binoda tashrif buyuruvchilar uchun kutish zali, yosh bolali onalar farzandlari uchun oʻyinchoqlar bilan toʻldirilgan maxsus xona, kutubxona, investorlarga xizmat koʻrsatish xonasi, bank shoxobchasi, info-kiosk mavjud. Murojaat qiluvchilar elektron navbat olish terminalida qayd qilinib, maʼlumotlar monitorlarda aks etib turadi. Internetga ulanish uchun bepul Wi-fi tizimi oʻrnatilgan. Eng zamonaviy axborot kommunikatsiya vositalari bilan jihozlangan yangi bino tuman aholisiga davlat xizmatlari koʻrsatish sifatini yana-da yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Tumanda davlat xizmatlari markazi tashkil etilgandan buyon 110 mingdan ortiq, joriy yilning oʻtgan 6 oyi mobaynida 10 mingdan ortiq murojaatlar qabul qilindi, 1123 ta tadbirkorlik subyektlari davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.Taʼkidlash joiz, shu paytgacha Xorazm viloyatida davlat xizmatlari markazlari uchun zamonaviy loyihalar asosida qurilgan 7 ta yangi bino foydalanishga topshirildi.
Odilbek Odamboyev,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring