Xalqni rozi qilish uchun ishni nimadan boshlash kerak?
Hasan PAYDOYEV - "Xalq so'zi"
Keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar obodlik bilan bevosita bog‘liq. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari bu boradagi islohotlarda muhim strategik hujjat bo‘lib xizmat qilayotir.
Birgina O‘zbekiston tumanini olaylik. Bu manzil avvalgidan butunlay o‘zgardi, deyishimizga asoslarimiz ko‘p. Chunki hudud tom maʼnoda bunyodkorlik, obodlik markaziga aylandi.
Joriy yilda tumanning “Qumbosti” va “Kichik Oqmachit” mahalla fuqarolar yig‘inlari ham “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan bo‘lib, ushbu mahalla fuqarolar yig‘inlarida dastur doirasida salmoqli ishlar amalga oshirildi.
“Obod qishloq” dasturi doirasida ushbu mahallalarda jami 15 mlrd. 596 mln. so‘mlik ishlar bajarilishi belgilangan. Mazkur dastur ijrosi O‘zbekiston tuman prokuraturasi, 2-sektor rahbari va masʼullarining doimiy eʼtiborida.
Dastur ijrosi doirasida jami 8,6 km. yo‘llar, shundan 4,4 km. ichki yo‘llarni asfalьtlash, 4,2 km. qismiga shag‘al yotqizish rejalashtirilgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ishlar to‘liq bajarilgan. Mazkur yo‘nalish uchun 2,219 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan.

Ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash bo‘yicha hududda 12 km.dan ortiq ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. Ikki dona ichimlik suvi qudug‘i qazildi. Umuman, ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash ishlariga 1,268 mlrd. so‘m mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan.
Bu hali hammasi emas. Elektr taʼminotini yaxshilash masalalari ham 2-sektor masʼullari eʼtiborida. Xususan, 3 km. masofaga elektr tarmog‘i tortilib, bu yo‘nalishdagi reja to‘liq bajarildi. 214 dona beton-tayanch ustunlar o‘rnatildi. Uch dona transformator punkti o‘rnatilgan bo‘lsa, bir dona punkt mukammal taʼmirlandi.
Bundan tashqari, uch kilometr gaz tarmog‘ini joriy taʼmirlash rejalashtirilgan bo‘lib, vazifa to‘liq uddalandi. O‘ttizta gaz taqsimlash qurilmalari taʼmirlandi. Gaz balonlar yetkazib berish rejasi ham o‘z vaqtida amalga oshirilgan. Bu esa aholining yashash tarzini yanada yaxshilashda muhim o‘rin tutmoqda.
Qolaversa, mahallalarda irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarini tozalash, irrigatsiya tizimini yaxshilash, aloqa va axborotlashtirish sohasidagi muammolarni hal etish choralari ko‘rildi. 1 km. piyodalar yo‘lagi qurilib, 40 dona tungi ko‘cha yoritkich chiroqlari o‘rnatildi.
Shuningdek, “Qumbosti” MFYda joylashgan 45-umumtaʼlim maktabini mukammal taʼmirlash ishlari pudratchi tashkilot “Sada” MChJ tomonidan, “Kichik Oqmachit” MFYda joylashgan 50-sonli maktabni mukammal taʼmirlash ishlari pudratchi tashkilot “Baraka Fayz invest” MChJ tomonidan bajarilmoqda.
Bundan tashqari, 208 dona yakka tartibdagi uy-joylarni taʼmirlash ko‘zda tutilgan bo‘lib, hozirgi vaqtda 214 dona aholi xonadonlarining tashqi fasad qismi bo‘yaldi. “Kichik Oqmachit” MFY binosi davlat-sheriklik asosida yangidan qurib bitkazildi.

Qolaversa, ushbu mahallada “Nuroniylar maskani”, tadbirkor X. Obloyorov tomonidan “Eko bozor”, shuningdek, pochta binosi qurilishi yakunlanib, foydalanishga topshirildi.
“Qumbosti” MFY hududi bo‘yicha ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash maqsadida hozirgi kunda 7 km. uzunlikda tarmoq tortish ishlari bajarildi. Hududdagi bir kilometr ichki yo‘llarni asfalьtlash, ikki kilometr qismini shag‘allashtirish uchun 638 mln. so‘m mablag‘ ajratilgan. Hozirgi vaqtda Qum mahallasining 720 va Soy bo‘yi ko‘chasining 280 metr uzunlikdagi yo‘llar to‘liq asfalьt qilindi.
Shuningdek, elektr taʼminotini yaxshilash, aholini elektr energiyasiga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida 83 dona beton-tayanch ustunlar o‘rnatish, 3 km. tarmoq tortish, 2 ta transformatorni o‘rnatish rejalashtirilgan bo‘lib, bu boradagi ishlar tizimli amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, mahalla hududida asosiy ko‘chalarda tungi yoritish bilan bog‘liq muammolarni hal qilish maqsadida 20 dona tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi. Gaz taʼminotini yaxshilash, aholini tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojini qondirish bo‘yicha 3 km. gaz tarmog‘i, 25 ta gaz taqsimlash punktini taʼmirlash rejalashtirilgan bo‘lib, rejadagi ishlar to‘liq ado etildi.
Yana bir muhim masala shundaki, 2-sektor tomonidan “temir daftar” va “ayollar daftari”da turgan 30 ta xonadonga 30 dona gaz balloni to‘liq yetkazib berildi. Qolaversa, sektor masʼullari “yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar bilan ham tizimli ravishda suhbatlashib, ularni qiynayotgan muammolarini hal etish, iqtidori va qiziqishlariga qarab kasb-hunarga o‘rgatish, bandligini taʼminlashga ham alohida eʼtibor qaratmoqda.

Umuman, ikkinchi sektor faollari o‘z vazifalarini sidqidildan bajarishga intilayotgani biriktirilgan hududlardagi tub o‘zgarishlarda namoyon bo‘lmoqda, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Muhimi, odamlar bugungi islohotlardan minnatdor. Kerak bo‘lsa, o‘zlari ham ana shunday rivojlanish va taraqqiyotga xayrixoh. Bu esa yaqin kelajakda O‘zbekiston tumanining har bir mahallasi yanada obod bo‘lishidan dalolat beradi.
“Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring