“Xalqlar doʻstligi“ yaqinida ikki mashina toʻqnashib ketishi natijasida yongʻin kelib chiqdi. Ikki yoʻlovchi halok boʻldi

11:30 10 Yanvar 2020 Jamiyat
1406 0

9-yanvar kuni soat 23:30da Chilonzor tumani Bunyodkor koʻchasida joylashgan “Xalqlar doʻstligi“ saroyi qarshisida ikkita avtomobil ishtirokida yoʻl-transport hodisasi roʻy berdi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

“Lasetti” rusumli avtomobil (davlat raqami 01 V 889 WA) haydovchisi 44 yoshli D. M. Islom Karimov koʻchasiga burilishdan oldin svetoforgacha bir necha metr masofa qolganida tor joyda toʻxtagan. Tezlikni oshirib harakatlanib kelayotgan “BMV” avtomobili (davlat raqami 01 T 777 YEV, Shayhontohur tumanida yashovchi 63 yoshli K.M. nomiga rasmiylashtirilgan) “Lasetti”ga toʻqnashishi oqibatida avtomobillarda yongʻin kelib chiqqan.

“Lasetti” rusumli avtomobil haydovchisi va 6 yoshli yoʻlovchisi D.M. Toshkent shahar IIBB YPX va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan qutqarilgach, jarohat va kuyishlar bilan shifoxonaga yetkazilgan. Yana ikki nafar yoʻlovchilar – 44 yoshli I.M. va 8 yoshli Ya.M. voqea joyida hayotdan koʻz yumgan.

“BMV” avtomobili haydovchisi voqea joyidan yashiringan. YTH sodir boʻlganida avtomobilni boshqargan haydovchining shaxsini aniqlash boʻyicha choralar koʻrilmoqda.

YTHning taxminiy sababi: “BMV” avtomobili haydovchisi tezlikni keskin oshirgan.

YTH fakti boʻyicha Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi (“Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish”) “a” bandi 3-qismi bilan jinoiy ish qoʻzgʻatilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер