Xalqlar doʻstligi kuniga bagʻishlangan Doʻstlik festivali yakunlandi
Mustaqil Oʻzbekistonda millatlar va konfessiyalararo totuvlik va oʻzaro bir-birini tushunish, yosh avlodni bagʻrikenglik, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash davlat siyosatining eng muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi.
Konstitutsiyamiz va qonunlarimizda Oʻzbekiston Respublikasining barcha fuqarolari, millati, tili va dinidan qatʼi nazar, teng huquq va erkinliklarga ega ekani muhrlab qoʻyilgan. Ularga oʻz madaniyati, anʼana va urf-odatlarini rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi tomonidan qator hamkor tashkilotlar bilan birga yurtimizda 27-30-iyul kunlari Doʻstlik festivali oʻtkazildi.
Toʻrt kun mobaynida mamlakatimizda millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni mustahkamlash, xorijiy davlatlar bilan doʻstlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida soʻzlab berilgan konferensiyalar, turli madaniy-gumanitar, maʼnaviy-maʼrifiy va ilmiy-amaliy tadbirlar, tanlov va koʻrgazmalar tashkil etildi.
Festivalning yakuniy 30-iyul kuni Poytaxtimizdagi Markaziy bogʻda “Doʻstlik ohanglari” nomi ostida taniqli milliy va estrada xonandalari va Milliy madaniy markazlar havaskor guruhlarning katta gala-konserti tashkil qilindi.
Festival doirasidagi tadbirlar aholini, ayniqsa, yoshlarni umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, turli millatlar qadriyatlariga hurmat bilan qarash ruhida tarbiyalashga, shuningdek, jahonda samimiy doʻstlik gʻoyalarini targʻib qilish va tarannum etishga xizmat qiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring