Xalqimiz manfaatlariga xizmat qiladigan takliflar ilgari surildi

07:17 04 Sentyabr 2021 Iqtisodiyot
1084 0

Islom taraqqiyot banki guruhi jahonda katta nufuzga ega. Oʻzbekiston ham mazkur bank guruhining muhim aʼzosi hisoblanadi. Bugungi kunda bankka 57 ta davlat aʼzo boʻlib, ustav jamgʻarmasi 150 milliard dollarga teng.

Hozirgi kunga qadar bank tomonidan moliyalashtiriluvchi jami 2,5 milliard dollardan ortiq boʻlgan 30 ta yirik investitsiya loyihasi maʼqullangan. Ular doirasida maktablar, arzon uy-joylar, avtomobil yoʻllari, elektr va ichimlik suvi tarmoqlari qurilib, sogʻliqni saqlash muassasalari zamonaviy jihozlangan. Shu jihatdan, Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlik aholi turmushi farovonligini oshirishda muhim ahamiyatga egadir.

Poytaxtimizda boʻlib oʻtayotgan Islom taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 46 yillik yigʻilishida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, Oʻzbekistonning mazkur bank bilan hamkorligi, istiqboldagi muhim masalalar haqida nutq soʻzladi.

– Bankning yillik anjumani Toshkentda oʻtkazilishi oʻziga xos ramziy maʼnoga ega. Biz buni Oʻzbekistonning islom dunyosi rivojiga qoʻshgan hissasi, shuningdek, mamlakatda soʻnggi besh yil davomida olib borilayotgan izchil islohotlarning eʼtirofi, deb hisoblaymiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz koronavirus pandemiyasining iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarini yengib oʻtish masalalariga toʻxtalar ekan, mamlakatimizda inqirozga qarshi ishlab chiqilgan choralarni oʻz vaqtida qoʻllab-quvvatlagani uchun Islom taraqqiyot bankiga minnatdorlik bildirdi.

Anjuman doirasida iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish jamgʻarmasini tashkil etish boʻyicha kelishuv imzolangani ayni muddao boʻldi. Chunki kapitali 500 million dollarga yetkazilishi koʻzda tutilgan mazkur jamgʻarma orqali kambagʻallikni qisqartirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladigan loyihalar qoʻllab-quvvatlanadi.

Sir emaski, bugun dunyo mamlakatlari iqlim oʻzgarishi, yirik migratsion jarayonlar, tabiiy resurslar va oziq-ovqat yetishmovchiligi kabi sinovlarga duch kelmoqda. Shundan kelib chiqib, Prezidentimiz bank faoliyatini takomillashtirish boʻyicha bir qator takliflarni bildirdi.

Birinchidan, “Gʻarbiy Afrikadan Sharqiy Osiyogacha yashil yoʻlak” nomli savdo-iqtisodiy makonni shakllantirish taklif etildi. Uning amalga oshirilishi esa oʻzaro savdo va sarmoyaviy aloqalar kengayishga, mamlakatlarning iqtisodiy jihatdan birlashishi va barqaror oʻsishiga xizmat qiladi.

Ikkinchidan, Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi hamda Investitsiyalar va eksport kreditlarini sugʻurtalash islom korporatsiyasi tomonidan moliyaviy instrumentlarni kengaytirish bugungi kunning juda dolzarb masalasidir. Shubhasiz, bu erkin savdoni ragʻbatlantirish, investitsiyaviy xatarlarni sugʻurtalash, transport va logistika infratuzilmalarini rivojlantirishga hissa qoʻshadi.

Uchinchidan, koronavirus pandemiyasidan keyingi davrda aʼzo mamlakatlar iqtisodiyotlari rivojlanishiga innovatsion tus berish gʻoyat muhim. Jumladan, Islom taraqqiyot bankining fan, texnologiya va innovatsiyalar jamgʻarmasi imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish, qishloq xoʻjaligiga ilgʻor ishlanmalarni joriy qilish orqali oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, qayta tiklanadigan energiya va ekologik texnologiyalarni keng qoʻllash ayniqsa, dolzarbdir.

Toʻrtinchidan, mintaqaviy ahamiyatga ega investitsion va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishni kengaytirish taklif etildi.

Ishonchimiz komilki, bu kabi tashabbuslar Islom taraqqiyot banki tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlanadi. Zero, ilgari surilgan takliflar bugungi kunda dolzarb va oʻtkir muammolarni hal etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, OʻzLiDeP nufuzli xalqaro moliya tashkilotlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik yanada kengayishi, qizgʻin tus olishini toʻla qoʻllab-quvvatlaydi. Zero, ezgu va koʻlamdor maqsadlarimizni roʻyobga chiqarish uchun yurtimizga, albatta, moliyaviy madad ham zarur. Zotan, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banklari bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirish xalqimiz manfaatlariga xizmat qiladi.

Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер