Xalqaro Moliya Korporatsiyasi vakillari bilan davlat-xususiy sheriklik loyihalari yuzasidan fikr almashildi
Joriy yilning 27-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Gulnora Raximova Xalqaro Moliya Korporatsiyasining (XMK) DXSh loyihalarida Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo, Turkiya, Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maslahat xizmatlari bo‘limining mintaqaviy rahbari Munir Feruzi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish va davlat funksiyalarini qisqartirish departamenti direktori o‘rinbosari Zokir Bozorov hamda XMKning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Zafar Xashimov ishtirok etdilar.
Muloqot davomida mamlakatimizda davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan ishlar, davlat funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazishni kengaytirish, hamkorlikdagi DXSh loyihalarini rivojlantirish, xususan, ijtimoiy soha obyektlari infratuzilmasini rivojlantirish, energetika sohasida loyihalarni davom ettirish va ularning natijadorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, suhbatda tomonlar ko‘p tarmoqli sog‘liqni saqlash markazlarini tashkil etish loyihasini ko‘rib chiqish, yangi DXSh loyihalarini shakllantirish, infratuzilmaviy loyihalar ko‘lamini oshirish, ularning texnik jihatlarini o‘rganish, fiskal xatarlarni baholash va moliyalashtirish yuzasidan fikr almashdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarni rivojlantirish hamda loyihalar yuzasidan muloqotlar almashinuvini kengaytirish yuzasidan kelishib oldilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring