Xalq taʼlimi vazirligi diqqatiga: Maktab oʻquv binosi qurilgan, ammo jihozi yoʻq
Aslida, biz soʻz yuritmoqchi boʻlgan muammoli mavzu boʻyicha Xalq taʼlimi vazirini bevosita aybdor deyish fikridan yiroqmiz. Ammo, quyi tizimda hal boʻlmayotgan ayrim masalalar borki, uning uchun ham javobgarlik tizim rahbarining boʻyniga yuk boʻlib osiladi. Gapning indallosiga oʻtib qoʻya qolaylik. Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanidagi “Mustaqillikning 10 yilligi” mahalla fuqarolar yigʻini aholisi tomonidan yoʻllangan murojaatda ushbu hududda qurilgan maktab binosi oʻquv yilining uchinchi choragi oʻtib borayotgan boʻlsa-da,foydalanishga topshirilmayotgani haqida shikoyat qilingan. Maktab qurilgan boʻlsa, ishga tushirish ham bir gap boʻlar, degan mulohaza koʻnglingizdan oʻtgandir ehtimol? Keling, hammasi haqida batafsilroq toʻxtalsak.


“Mustaqillikning 10 yilligi” mahallasi nomidan ham maʼlumki, yangi mahalla. Ushbu hudud odamlari oʻz farzandlarining shinam oʻquv xonalarida tahsil olishlarini istaydilar va ular bunga toʻla haqlidirlar. Mahalla hududida 266 nafar maktab yoshidagi bolalari boʻlib,1-4 sinf oʻquvchilari eski dala shiyponida, 5-11 sinf oʻquvchilari 7-10 kilometr uzoqlikda joylashgan 13-maktabga qatnab oʻqiyotir. Shu bois, 2018-yilning 28-fevral kuni hudud aholisi oʻsha paytdagi viloyat hokimi tomonidan oʻtkazilgan sayyor qabulda bu boʻyicha murojaat bilan chiqishdi. Masalaga ijobiy yondashib, yangi maktab qurib berilishi maʼlum qilindi. Qisqa vaqtda bu borada amaliy harakatlar ham boshlandi. 2019-yil fevral oyida eski dala shiyponida joylashgan maktab filiali oʻrniga 80 oʻrinli yangi bino qurilishi boʻyicha loyihalash ishlari yakunlandi. Bundan norozi boʻlgan aholi istagi yana inobatga olinib, 210 oʻquvchi oʻrniga ega inshoot qurishga qaror qilindi. Qurilish ishlarini bajarish “Bunyodkor sayqali” xususiy korxonasiga tomonidan amalga oshirildi.
- Belgilangan qurilish, obodonlashtirish ishlari toʻliq bajarilmay qolgan. Bunga byudjet taqchilligi sabab qilib koʻrsatilyapti. Mayli, bunga yon bersak-da, qurilish ishlari toʻliq oxiriga yetishini talab qilib kelmoqdamiz. Nima uchundir, qurib bitkazilgan oʻquv binosi zarur oʻquv jihozlari bilan taʼminlanmayapti. Yangi oʻquv binosi turganda, farzandlarimizning eski shiyponda oʻqishini istamaymiz, albatta, — deydi shu mahallada yashovchi Sherali Boboqulov.


Shu oʻrinda baʼzi mulohazalar koʻngildan oʻtadi. Ayrim hududlarda yangi maktab qurilishiga ehtiyoj tugʻilsa-da, mablagʻ yoʻqligi sabab, muammoga ha deganda yechim topilmaydi. Ammo. Lekin. Biroq oʻquv yilining 3-choragi yakunlanayotgan boʻlsa ham, yangi oʻquv binosini jihozlash, bu yerda tahsilni boshlash – masalaning yechimi uchun amaliy qadam emasmi? Bu mavzuning xalq taʼlimi vazirligiga bilvosita taalluqli joyi ana shunda. Qolaversa, mahalliy hokimlik bu masalaga masʼul sifatida jiddiy yondashmogʻi lozim.


Aholi oʻz murojaatida bayon etishicha, maktab hududi belgilanmagan, atrofi toʻsiq bilan oʻralmagan. Maktab stadioni yoʻq, elektr energiyasi uchun transformator hamda ichimlik suvi mavjud emas, isitish tizimi toʻliq oʻrnatilmagan. Maktabga boradigan yoʻl nosoz.
“2020-yil Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb eʼlon qilinib, Prezidentimiz tomonidan yoshlar kelajagiga katta eʼtibor qaratilayotgan bir paytda mutasaddilarning ushbu maktab faoliyatiga beparvoligi aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotir.
Ilhom Rahmatov, “Xalq soʻzi” muxbiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring