“Xalq salomatligi posboni” koʻkrak nishoni taʼsis etildi
Vazirlar Mahkamasi qarori (444-son 04.09.2023-yil) bilan “Xalq salomatligi posboni” koʻkrak nishoni taʼsis etildi.
Nizomga muvofiq “Xalq salomatligi posboni” koʻkrak nishoni bilan:
mamlakatimizda sogʻlom turmush tarzini umummilliy harakatga aylantirishga munosib hissa qoʻshgan barcha darajadagi idora va tashkilotlar hamda jamoatchilik vakillari;
jismoniy faollikni kundalik odatga aylantirib, uni oʻz jamoasi va aholi orasida targʻib qilishda alohida namuna boʻlayotgan shaxslar va sport murabbiylari;
zararli odatlarning oldini olish, bartaraf etish, ularga qarshi kurashishda ijobiy natijalarga erishgan va jamoatchilik nazoratini samarali tashkil etishda faollik koʻrsatgan fuqarolar;
aholining sogʻlom ovqatlanishini yoʻlga qoʻyish uchun yetarli shart-sharoitlar yaratgan shaxslar;
hududning sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi, atrof-muhit toza va ozodaligini taʼminlash, aholida sanitariya-gigiyenik koʻnikmalarni hosil qilish va mustahkamlash orqali kasalliklarning oldini olishga erishgan mutaxassislar;
surunkali kasalliklar profilaktikasida xavf omillarini bartaraf etish va turmush tarzini ijobiy tomonga oʻzgartirishga undaydigan dolzarb materiallar tayyorlagan ommaviy axborot vositalari vakillari;
profilaktik tibbiyotni rivojlantirishga va bu yoʻnalishda malakali kadrlarni tayyorlashga munosib hissa qoʻshgan tibbiyot sohasi xodimlari va boshqa mutaxassislar.
Koʻkrak nishoni bilan Oʻzbekiston fuqarosi boʻlmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.
Hududiy sogʻliqni saqlash idoralari, respublika darajasidagi davlat organlari, tashkilotlari va jamoat birlashmalari har yili 1-oktyabrga qadar koʻkrak nishoni bilan taqdirlash boʻyicha nomzodlarni Sogʻliqni saqlash vazirligiga taqdim etadi.
Nomzodlarni koʻrib chiqish uchun 5 kishidan iborat komissiya tuziladi.
Komissiya xulosasi asosida sogʻliqni saqlash vazirining koʻkrak nishoni bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi buyrugʻi har yili 1-noyabrga qadar chiqariladi.
Koʻkrak nishoni har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi — Tibbiyot xodimlari kuni arafasida vazir tomonidan tantanali tarzda topshiriladi.
Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash, istisno tariqasida, vazirning buyrugʻiga asosan alohida holatlarda ham amalga oshirilishi mumkin.
Koʻkrak nishoni bilan taqdirlanganlarga BHMning 4 baravari miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti beriladi.
Bir shaxs koʻkrak nishoni bilan bir marta mukofotlanadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring