Xalq qabulxonasi “elektrichka”ni toʻxtatdi
“Toshkent- Bekobod” yoʻnalishidagi yoʻlovchi elektropoyezdi (xalq tilida “elektrichka”) bosib oʻtadigan masofaning asosiy qismi Sirdaryo viloyati hududiga toʻgʻri keladi.
Xususan, Shirin shahrining Nurobod mahallasidagi “Farhod” stansiyasi Bekobodga yetib kelishdagi soʻnggi bekatlardan biri. Bekat atrofida, deylik, Shirin shahrida 18 mingdan ziyod kishi yashasa, Xovos tumanining unga yaqin mahallalari aholisi 8 ming nafarning nari-berisida. Ammo shu vaqtgacha bu manzillarda istiqomat qilayotgan odamlar shundoq yonlaridan elektropoyezd qatnab tursa-da, undan foydalanisholmayotgan edi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Shirin shahar qabulxonasiga qilingan murojaat tufayli yaqinda ayni masalaga yechim topildi. Ushbu murojaat asosida Xalq qabulxonasi tomonidan Transport vazirligiga kiritilgan taklif har jihatdan oʻrganilib, shirinlik aholining iltimosi ijobiy hal qilindi.Endi “Toshkent — Bekobod”, “Bekobod -Toshkent” yoʻnalishidagi elektropoyezdlar “Farhod” stansiyasida toʻxtab oʻtmoqda.
-Toshkentga qarab yoʻl olgan poyezd tonggi soat 7.10 da bizning bekatga kirib keladi, — deydi Nurobod mahallasida yashovchi fuqaro Bahtiyor Sherboʻtayev. — Toshkentdan chiqqani esa kechqurun 19. 20 da. Ikki manzilga ham ikki yarim soatda yetamiz. Yoʻlkira haqi ancha arzon, yana qatnov aniq jadval asosida. Demoqchimanki ham vaqtimiz, ham naqdimiz tejalishiga qulay imkoniyat yaratildi. Barcha yoʻlovchilar ushbu eʼtibor uchun Xalq qabulxonasi va Transport vazirligi rahbariyatidan cheksiz minnatdor.
Ahmadali SHERNAZAROV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring