Keniyada koronavirusning 16 ta yangi shtammi aniqlandi. Ular juda tajovuzkor ekanligi aytilmoqda

16:13 14 Yanvar 2021 Dunyo
1229 0

Illyustrativ foto

Keniyaning janubi-sharqida dunyoning boshqa joylarida hali topilmagan koronavirusning 16 ta shtammi aniqlandi. Bu haqda “East African” gazetasi Keniya instituti mutaxassislariga tayanib xabar bermoqda.

Tadqiqotchilardan biri Charlz Agotining taʼkidlashicha, yangi shtammlarning oʻziga xos xususiyati shundaki, ular tez tarqalishi mumkin va kasallikning dastlabki bosqichida yuqtirgan odamda ularni aniqlash juda qiyin.

Mutaxassisning qoʻshimcha qilishicha, Taita okrugida 2020-yil oxirida yangi shtammlar topilgan. Ular yaqinda Janubiy Afrika Respublikasi va Buyuk Britaniyada topilgan koronaviruslarning xavfli turlaridan genetik jihatdan farq qiladi. Shu bilan birga, yangi topilgan toʻrtta shtamm ancha tajovuzkor. 

Shu bois olimlar mamlakat koronavirus tarqalishining portlovchi ssenariysiga duch kelishi mumkin, deb hisoblashmoqda. 

Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, Keniyada 98 432 kishi koronavirus bilan zararlangan. Ushbu infeksiya oqibatlari tufayli 1716 nafar bemor hayotdan koʻz yumgan.

Avvalroq, mutaxassislar charchoq va holsizlik, bosh, mushak yoki boʻgʻimlarda ogʻriq ham koronavirus alomatlari boʻlishi mumkinligini aytib oʻtishgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер